AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi shtab aʼzosi Habibulla Oqilov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda koronavirus infeksiyasini davolash va kasallikni oldini olish boʻyicha savollarga javob qaytarildi.
SAVOL: Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasini uy sharoitida davolash boʻyicha har- xil protokollar faol tarqatilmoqda. Ularda kasallikning dastlabki kundan antibiotiklar va virusga qarshi vositalarni qabul qilish tavsiya etilmoqda. Shu toʻgʻrimi?
Javob: Ijtimoiy tarmoqlardagi va boshqa manbaladagi tavsiyalarga asoslanib uy sharoitida antibiotik va virusga qarshi dorilarni qabul qilishdan yiroq boʻlish lozim. Afsuski, hozirda koronavirus infeksiyasining spetsifik davosi yoʻq. Kovidga taʼsiri isbotlangan birorta dori vositasi yoʻq.
Shuning uchun kasallikning dastlabki kunidan antibiotik va virusga qarshi vositalarni isteʼmoliga ehtiyoj yoʻq. Ularning foydasi boʻlmaydi, aksincha zarari boʻlishi mumkin. Kasallikning simptomsiz yoki yengil turlari dori vositalarisiz ham tuzalishi mumkin.
SAVOL: Men kasal boʻldim, yosh bolalarim bor. Ulardan alohidalana olmayman. Nima qilish mumkin?
Javob: Bolalar bilan yaqin aloqada infeksiya yuqtirishdan saqlanishning imkoni yoʻq. Agar izolyasiyalanish imkoniyatingiz boʻlmasa, bolalar ham infeksiya yuqtirishlari ehtimoli katta. Chunki virusning yuqumliligi oʻta yuqori. Hatto muntazam himoya choralari: qoʻlni sovunlab yuvish, niqob taqish, sanitayzerlar, tuzli eritmalar ham bitta joyda boʻlganda infeksiya yuqishidan himoya qila olmaydi. Shu oʻrinda unutmaslik kerak, bolalar COVID-19 asosan simptomlarsiz yoki yengil formada oʻtkazishadi.
Faqat tumov, isitma koʻtarilishi, tomoq qirilishi, ich qotishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Biroq aksariyat holatlarda bolalar oʻzlarini yaxshi his qilishadi va kattalarga qaraganda kuchli lohaslik yoki ishtaha yoʻqolishi kabi belgilar kuzatilmaydi. Alomatlar paydo boʻlganda simptomatik davolash: suyuqlik ichirib bolani terlatish, burunni tuzli eritmada chayish, isitma 38,5dan yuqori koʻtarilganda — bolalar paratsetamoli berish zarur.