Ayrim udumlarimizning salbiy tomonlari, yaʼni qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikoh holatlarining onalar va bolalar salomatligiga, yigit-qizlar ruhiyatiga yomon taʼsiri toʻgʻrisidagi masalalar aholini, keng jamoatchilikni tashvishga solmoqda.
Bu yuzadan Xorazm viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan masʼul tashkilotlar, jamgʻarmalar, markazlar va mahallalar tomonidan samarali ishlar olib borilyapti. Uchrashuv va suhbatlar oʻtkazilmoqda, ijtimoiy va psixologik tadqiqot natijalariga koʻra tavsiyalar berilmoqda. Quyidagi suhbatimiz viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi, shifokor Qurbanbayeva Gulsara Ahmedovna bilan qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh hamda qizlarni erta turmushga berish haqida boʻldi.
– Kundalik turmushimizda qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlayman, oʻzimniki turganda begona nimaga kerak, topgan-tutganim oʻzimiznikiga boʻlsin, degan niyatda oqibati nima boʻlishini oʻylamay, bolalarining taqdirini ogʻir ahvolga solib qoʻyayotgan ota-onalar bor. Shunday emasmi?
– Ha, juda toʻgʻri. Baʼzan, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash niyatida oʻgʻil-qizlarining toʻylarini qilishadi, lekin bu rishtaga putur yetib, aksariyat hollarda oilalar buzilib ketmoqda. Qarindoshlar quda boʻlishgach, bir-birini kechirishi juda qiyin. Negaki, opa-singillar, aka-ukalar bir oilada voyaga yetgan, bir ota-onaning tarbiyasini koʻrishgan boʻlishsa-da, alohida oila qilgan qarindoshlarning ijtimoiy hayoti, turmush tarzi, dunyoqarashlari turlicha namoyon boʻlmoqda.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, qarindoshlardan tugʻilayotgan bolalarda deyarlik, nogironlik holatlari koʻproq kuzatilyapti. Bu esa qarindoshlik rishtalariga oʻz-oʻzidan putur yetishiga olib keladi. Nogironlik aravachasiga mixlangan yoki kasalmand bolani bir umr boqish, sargʻaygan chehralarni koʻrganda yurak ming bor ogʻrishini tasavvur etish qiyin emas. Maʼlumotlarga qaraganda, qarindoshlar oʻrtasida tuzilgan nikohlarning 70-80 foizi ajralish bilan yakunlanar yohud nogironlik dardi bilan turmush kechirarkan.
Keng tushuntirish ishlarini olib borayotganimizga qaramasdan, afsuski, qarindosh-urugʻlar oʻrtasida joriy yilning oʻtgan davrida viloyatimizda 28 ta nikoh qayd qilingan. Jumladan, Xiva tumanida 7 ta, Yangiariqda 6 ta, Gurlanda 5 ta, Yangibozorda 4 ta, Xiva shahrida 4 ta, Bogʻotda 1 ta, Urganch tumanida 1 tani tashkil etgan.
– Baʼzan, qarindoshlar farzandlari yoshligidayoq oʻzaro ahdu paymon qilib, 16-17 yoshga yetganlarida toʻy qilishadi. Qarindosh, buning ustiga balogʻatga yetmagan, hali ona suti ogʻzidan ketmagan qizchalarni turmushga berish, oila qurishga majburlash oxir oqibat ahvolni yanada jiddiylashtiradi.
– Darvoqe, mehnat faoliyatimda shunday voqealarga koʻp marotaba duch kelganman. Qarindoshlik, erta nikohlar ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki, oʻsmirlik davri bu qizning voyaga yetgani emas. Bu davrda uning hayotida, ruhiyatida, organizmida jismoniy, jinsiy rivojlanishlar kuzatiladi. Bu paytda qizcha endi “bola” emas va shu bilan birga hali “katta” ham emas. Vaholanki, uning oʻz-oʻzini baholashi, tafakkuridagi tahlil, qiziqishlari, qadriyatlari toʻliq shakllanmagan boʻladi. Jismoniy, maʼnaviy va jinsiy tomondan shakllanib boʻlmagan bolani oila qurishga, farzandni dunyoga keltirishdek yuksak masʼuliyatni gardaniga yuklashga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bu gʻoʻra, pishlagan olmani behudaga yulib tashlashdek bir gap. Voyaga yetmagan qizning organizmi hali ona boʻlishga tayyor emas, lekin ayrim ota-onalar haqiqatdan koʻz yumib, farzandini oʻtga tashlashadi. Oʻsmirinlik yoshida organizmda turli jarayonlar yuz berishi tabiiy. Son suyagining oʻsmaganligi, kamqonlik, gigiyena qoidalarini toʻliq bilmasligi, uquvsizligi pand berib qoʻyadi. Shuning uchun bunday qizchalar tugʻruk paytida nobud boʻlishi yoki boʻlmasa, toʻlaqonli bola tugʻa olmasligi mumkin.
Bir kuni qarindosh qudalar tugʻrukxonaga yoshgina kelinchakni keltirishdi. Ahvoli yaxshi emas edi. Uning nimjonligi shundoqqina koʻrinib turardi. Yuzlari dokadek oqarib ketgan, holi-madori yoʻq. Soʻrasak kelinchak hali oʻn yettiga ham toʻlmagan ekan. Homilasining normol rivojlanmaganligi, kamqonlik, zoʻriqishi oqibatida qon ketishi vujudga kelgan. Shifokorlar bilan bor kuch-gʻayratlarimizni ishga soldik. Bolani saqlab qolishning iloji boʻlmadi. Bunday vaziyatda kelinchakning joni omon qolishi muhim. Afsuski, oʻshanda kelinchakka farzand koʻrolmaslik tashhisi qoʻyildi.
Bu kabi voqealar hayotda tez-tez uchraydi. Guldek qiz baxtsiz. Kelinchakning keyingi hayoti nima boʻlishini tasavvur etish qiyin emas. Endilikda farzand koʻrolmaydigan ayolning taqdiri nima boʻladi? Masalaning bu yogʻi ham bor.
– Qonunchiligimizda qarindosh-urugʻlar oʻrtasida nikohlarga monelik qiluvchi holatlar mavjudmi?
– Maʼlumki, nikoh tuzishga oid munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari” toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi nizom va boshqa qonun hujjatlarga muvofiq tartibga solinadi.
Mamlakatimizda nikoh tuzish ixtiyoriy amalga oshirilishi bilan birga, nikohni tuzish uchun boʻlajak er-xotin oʻz roziligini erkin ifoda etaolish qabiliyatiga ega boʻlishi kerak. Oila kodeksining 16-moddasiga asosan nikoh tuzishga monelik qiladigan beshta holat alohida belgilab berilgan. Talablarga koʻra birinchi holatda tomonlardan loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxs boʻlsa, ikkinchi holatda nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida boʻlsa, uchinchi holatda tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida, toʻrtinchi holatda tomonlarning loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida, beshinchi holatda tomonlarning loaqal bittasi nikoh qurish yoshidan kichik boʻlsa nikoh tuzishga monelik qiluvchi holatlar mavjud hisoblanadi hamda nikoh tuzish qonunan taʼqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 57-moddasiga murojaat qiladigan boʻlsak, unga asosan qarindoshlikning ikki koʻrinishi, yaʼni toʻgʻri va yon shajara boʻyicha qarindoshlik mavjud. Qarindosh deyilganda bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Bolalar ota-onasiga nisbatan toʻgʻri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan-ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan-uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo. Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga oʻxshashlar yon shajara boʻyicha qarindoshlar deyiladi. Shajara boʻyicha qarindoshlar yon shajara boʻyicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir. Tugʻishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan qarindoshlikning-uchinchi, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar es-toʻrtinchi darajasida turadilar. Mamlakatimiz qonunchiligida ushbu talab va tasniflarga koʻra qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohlar man qilinadi.
– Erta nikohga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan qanday jazolar tayinlangan.
– Erta oila qoʻrgan shaxslar, shuningdek, bunga yoʻl qoʻygan ota-onalar, taʼlim va diniy muassasa xodimlari javobgarlika tortiladi. Oila kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslarida nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun talablarini buzganlik, yaʼni nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga yoki uni erga berish yoki uylantirish, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun javobgarlik bor.
Maʼlumki, taʼlim toʻgʻrisidagi Qonunning 3-moddasida taʼlimning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimning majburiyligi, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasida esa ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
Nikohga tayyorgarlik koʻrayotgan yigit-qizlar birinchi navbatda oilaga har tomonlama, yaʼni fiziologik va ruhiy jihatdan sogʻlomligi, tayyorligi haqida jiddiy oʻylamoqlari kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nikoh yoshi qizlar uchun 17, oʻgʻil bolalar uchun esa 18 yosh deb belgilangan, lekin bu bilan ana shu yoshda nikoh qoʻrish shart degani emas, albatta.
Erta nikohning oldini olish uchun biz yoshlarga birinchi navbatda sogʻlom, kasb-hunarli, yetuk mutaxassis boʻlib ota-onasi, vatani oldida yorugʻ yuzli boʻlishligini oʻrgatishimiz lozim. Ayniqsa, qizlarning oiladagi oʻrni katta. Ularni ilm olishga, hunarli boʻlishga, urf-odatlarimizni, milliy qadriyatlarimizni hurmat qilishiga oʻrgatishimiz kerak. Zero, oila muqaddas dargoh, sogʻlom avlodni tarbiyalashda uning oʻrni betakror. Inson salomatligi va maʼnaviy kamolotining birinchi poydevori oilada qoʻyiladi. Yurtimizda oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, xotin-qizlarning faolligini oshirish yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shubhasiz, yosh avlod baxtu iqboliga xizmat qiladi.
– Qarindoshlar hamda erta nikohning oldini olishda eng avvalo nimalarga eʼtibor berish kerak?
– Eng avvalo ota-onalar, yoshlar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib bormoq lozim. Shu bois, mavzu doirasida mahallalarda olib borilayotgan keng targʻibot ishlariga bevosita shifokorlar, ginekologlar ham jalb qilinmoqda. Mahalla faollari, patranaj shifokor va hamshiralarning ham yaqindan yordamida oilalar bilan yakka tartibda ishlashga ahamiyat berilyapti. Aholiga qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlar yoki qiz bolani erta turmushga berish hamisha baxtli yakun topmasligi hayotiy misollarda keng tushuntirilmoqda. Inson oʻz hayotini qurishda tavakkaliga emas, balki puxta oʻylab rejalashtirmogʻi zarur. Oʻgʻil bolani erta uylab quyish koʻpchilik holatlarda ota-onalarning izmida boʻladi. Shuning uchun qarindoshlar, kattalar farzandlarining oila qurish masalalariga oʻta jiddiy qarashlari zarur.
Aksariyat oʻsmirlar balogʻatga yetish sirlarini, oʻzgarishlarini bilmaydilar. Eng avvalo ona qiziga yaqin inson boʻlishi, qizidagi har bir oʻzgarishlarni nazorat qilib, tushuntirib borishi zarur. Qisqasi, har bir ota-ona oʻgʻli, qizi bilan muntazam suhbatlashib, balogʻat davrining oʻziga xos xususiyatlaridan xabardor etib turishlari kerak.
Boʻlajak ona, boʻlajak ota har tomonlama sogʻlom boʻlsagina, uning farzandlari ham sogʻlom boʻladi. Oilada sogʻlom bola dunyoga kelishi onaning ham, otaning ham salomatligi, ruhiy holatiga bogʻliq. Jismonan va maʼnan tayyor boʻlmagan qizcha qanday qilib bola tarbiyalaydi? Bu yerda nafaqat qizlar salomatligi yoki oilaga tayyorgarligi masalalari, balki yigitlarning, yaʼni boʻlajak otalarning ham har tomonlama salomatligi juda muhim. Chunki ayrim chekka qishloqlarda qarindoshlik nikohlari yoki 17-18 yoshga toʻlmagan oʻgʻil bolalarni uylantirib quyish odatiy holga aylangan. Qon bosimi tushib ketgan, rangi dokadek oqarib ketgan ayolning salomatligi haqida kechagina koʻchada oʻynab yurgan 16-17 yashar bola nimani ham bilardi? Hali aqli tiniqlashmagan, ona suti ogʻzidan ketmagan yigit-kizlarni oila qurishga daʼvat qilish ota-onalarning katta va kechirib boʻlmas xatosidir. Qoʻpolroq qilib aytiladigan boʻlsak, ayrim ota-onalar qarindoshlik rishtalarini mustahkamlayman, deya, farzandlarining qotiliga aylanishmoqda. Kundalik turmushimizda bunday hollarning oldini olish hammamizning burchimiz. Zero, sogʻlom oilada sogʻlom bolalar dunyoga keladi, kamolotga yetadi.
– Gulsara Ahmedovna, maroqli suhbatingiz uchun katta rahmat.
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist