AOKA anjumanlar zalida taʼlim sohasiga oid eng soʻnggi yangiliklar yuzasidan boʻlib oʻtgan onlayn-brifingda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov muhim savol va murojaatlarga javob qaytardi.
SAVOL: Magistratura mutaxasisliklari bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyalari himoyalari qanday tartibda oʻtkaziladi?
JAVOB: Magistratura mutaxasisliklari bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyalari himoyalari ZOOM yoki boshqa dasturlar orqali masofaviy shaklda oʻtkaziladi.
SAVOL: Yakuniy davlat attestatsiyalarida uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmagan talabalarga qayta topshirishga imkoniyatlar yaratiladimi?
JAVOB: Respublika miqyosida karantin cheklovlari toʻliq yakunlangach, yakuniy davlat attestatsiyalarini uzrli sabablarga koʻra topshira olmagan talabalar uchun yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari faoliyati tashkil etiladi.
yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari raislari bir kalendar yili uchun tasdiqlanadi.
SAVOL: Akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyalari imtihonlari qay tarzda oʻtkaziladi?
JAVOB: Yakuniy davlat attestatsiyalarini oʻquv rejaga muvofiq, quyidagicha oʻtkazish rejalashtirilmoqda: davlat imtihonlari shaklida 60 ta test (Oʻzbekiston tarixi fani, yoʻnalishlar boʻyicha chuqurlashtirilgan fanlar)dan iborat testlar toʻplami bloklarga ajralgan holda, koʻp variantlilik prinsipi asosida ishlab chiqiladi va oʻquvchilar masofaviy tarzda internet tarmogʻidan foydalangan holda imtihon topshiradilar.
SAVOL: Magistraturaga kirish uchun hujjatlar topshirish jarayoni qanday oʻtkaziladi va muddatlarida oʻzgarishlar boʻladimi?
JAVOB: Magistraturaga kirish uchun hujjatlar belgilangan tartibda 1 iyuldan 30 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab magistraturaga kirish uchun abituriyentlarga elektron tarzda hujjat topshirish imkoniyatlari yaratiladi.
SAVOL: OTMi rahbariyati bitiruvchi kurs talabalariga kontrakt pullarini toʻlash kerak, demoqda. Agar toʻlanmasa, talaba yakuniy nazoratlarga kiritilmaydi va unga bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom berilmaydi, deb eshitdim. Shu toʻgʻrimi?
JAVOB: Karantin davrida oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt pullarini toʻliq toʻlashga ulgurmagan talabalar oʻqishdan chetlatilmaydi. Bu bitiruvchi kurs talabalariga ham taalluqli.
Har bir oliy taʼlim muassasasi oʻzining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, kontarkt toʻlovi muddatini mustaqil uzaytirish vakolatiga ega.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, toʻlovlarni toʻliq amalga oshirmagan bitiruvchi kurs talabalari shartli ravishda, istisno tariqasida, yakuniy nazoratlarga kiritilishi mumkin.
Lekin ularga oʻquv yili uchun belgilangan toʻlovni toʻliq amalga oshirganlaridan soʻng oliy taʼlim muassasasini tugatganligi toʻgʻrisidagi tegishli diplom beriladi.
SAVOL: Kollejlarda bitirish imtihonlari qanday tashkil etiladi?
JAVOB: Yakuniy imtihonlarni onlayn oʻtkazish boʻyicha taklif kiritilgan. Kasb-hunar kollejlarida 2019/2020 oʻquv yili uchun istisno tariqasida, Yakuniy davlat attestatsiyasini onlayn tarzda tashkil etish rejalashtirilmoqda. Malakaviy ishni bajargan bitiruvchilar oʻz taqdimotlarini internet tarmogʻi orqali kasb-hunar kollejlariga taqdim etishlari mumkin boʻladi.
SAVOL: Magistraturaga kirish imtihonlari qanday shaklda oʻtkaziladi va natijalar qanday eʼlon qilinadi?
JAVOB: Magistraturaga kirish imtihonlari, karantin tadbirlaridan kelib chiqqan holda, Nizomda belgilangan shakllarda yoki test shaklida oʻtkazilishi mumkin. Kirish imtihonlari natijalari muayyan oliy taʼlim muassasalarining rasmiy veb saytlarida eʼlon qilinadi.