Dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish talab darajasidami?

0
329
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2019 yil 11 iyul kuni Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktorining “Aholini sifatli va arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Tadbirda qayd etilganidek, oxirgi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon, tibbiy anjomlar bilan toʻlaqonli taʼminlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Agar 1990 yilda respublikamizda atigi 2 ta farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritgan, ular tomonidan 21 nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2018 yilda bunday korxonalar soni 155 taga, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar nomi 2836 taga yetkazilgani ham ushbu masalaga nechogʻli eʼtibor berilayotganidan dalolatdir.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanalgan ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 noyabrdagi Farmoni bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida ushbu agentlik tomonidan farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish yoʻlida qator ijobiy natijalarga erishilgani taʼkidlandi. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida qiymati 40,52 mln. dollarlik 9 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan, natijada 511 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Axborotda taʼkidlanishicha, 2019 yilning 5 oyi yakunlari boʻyicha mamlakatimizda farmatsevtika sohasida 162 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2018-2019 yillarda 19 ta yangi korxona ishga tushirildi, ular qoshida qoʻshimcha 11 ta dori vositalarini ishlab chiqarish sexlari ochildi. Bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchi 27 ta korxona tomonidan 25 ta farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlar 14 ta chet el mamlakatlari bozorlariga chiqarildi.

Yurtimizning dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish salohiyati ortib bormoqda. Agar 2018 yilda respublika boʻyicha 6375 tonna xom ashyo va 5794 tonna qayta ishlangan tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, 2019 yil birinchi yarim yilligida respublika boʻyicha ushbu koʻrsatkichlar tegishlicha 4125 va 3485 tonnani tashkil qildi. Joriy yilning 5 oyida 10,362 mln. dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi.

Taʼkidlash joizki, aholini sifatli, arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan toʻla taʼminlash borasida qilinayotgan koʻlamdor ishlarga qaramasdan, bu boradagi muammolar hali butkul yechilgani yoʻq. Farmatsevtika sohasida olib borilgan ishlar bilan bir qatorda uzoq yillar davomida ishlab chiqarish quvvatlari yetarli darajada emasligi hamda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining tor assortimenti ichki bozor ehtiyojlarini qondirmayotgani, importga haddan tashqari bogʻlanib qolinayotganini inobatga olgan holda, joriy yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining vazifalari qayta koʻrib chiqildi, uning zimmasiga farmatsevtika faoliyatini (chakana realizatsiyadan tashqari) litsenziyalash va nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatildi. Shu bilan birga, aholini sifatli, bezarar va samarador dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar (distribyuterlar), dori vositalarini klinik sinovlarini oʻtkazuvchi klinikalar, klinikoldi tadqiqotlarni amalga oshiruvchi laboratoriyalar majburiy tarzda tegishli xalqaro standartlarga oʻtishi belgilandi.

Shundan kelib chiqib, tadbirda qoʻmita aʼzolari Prezidentimizning mazkur Farmoni agentlik tomonidan qay darajada ijro etilayotganiga eʼtibor qaratdi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, uchrayotgan mavjud muammo va kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori deputatlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. Qizgʻin savol-javob tarzida kechgan eshituv yakunida deputatlar tomonidan mazkur agentlik faoliyatini yanada jonlantirish, aholini sifatli, arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi axboroti

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.