OSTEOPOROZ AYOLLAR XASTALIGIMI?

0
8116
marta koʻrilgan.

Osteoporoz oltmish besh yoshdan oshgan ayollarda ancha koʻp uchraydi. Shuningdek, bu kasallikka oʻta ozgʻinlik, endokrin buzilishlar, menopauza(klimaks)ning barvaqt boshlanishi, uzoq vaqt davomida dori-darmonlar qabul qilish singari holatlar ham sabab boʻladi.

Xoʻsh, ushbu xastalik nega ayollarda koʻproq kuzatiladi. Uning belgisi, davolash usullari qanday? SSV matbuot xizmatining ushbu kasallik borasidagi savollariga tibbiyot fanlari nomzodi Umida RUSTAMOVA javob berdi.

— Osteoporoz kasalligi nega yoshi ulugʻlarda koʻproq uchraydi?

— Maʼlumki, odam tugʻilganidan to 30 yoshga kirgunicha uning suyaklari tuzlar va mikroelementlar bilan toʻyinib mustahkamlanadi. Yoshi oʻtgani sayin esa qon aylanish tizimi izdan chiqishi va boshqa sabablarga koʻra suyak hajmi kamaya boshlaydi, bu esa osteoporozga olib keladi.

Aslida suyak toʻqimasi doimiy ravishda yangilanib turadi va har oʻn yilda mutlaqo yangisi bilan almashadi. Bolalar va oʻsmirlarda 18 yoshgacha suyak yemirilishiga nisbattan yangi suyak paydo boʻlishi tezroq kechadi. Keyinchalik bu jarayonlar tezligi tenglashadi. 40 yoshdan soʻng esa suyakning yupqalashishi, yaʼni suyak yemirilishi kuchayadi.

— Osteoporozga olib keluvchi omillar qaysilar?

— Osteoporoz koʻpincha organizmda kalsiy ionlarining suyaklarga yaxshi singmasligi tufayli vujudga keladi. Aytish joizki, organizmda doimiy ravishda kalsiy ionlari yemirilib, ular oʻrniga yangi kalsiy ionlarining almashinish jarayoni kechadi. Agar shu muvozanat buzilsa, yaʼni yemirilgan kalsiy ionlari oʻrniga yangilari kelib tushmasa yoki kam tushsa, suyak zichligi kamayib boradi. Buning sabablari turlicha.

Birinchidan, kalsiy moddasini yemiruvchi toʻqima(osteoklast)lar faoliyati kuchayib, quruvchi toʻqima(osteoblast)lar kalsiy ionlarini yetkazib berishga ulgurmaydi. Ikkinchidan, quruvchi toʻqimalarning faoliyati susayishi mumkin. Uchinchidan, osteoklastlar va osteoblastlar faoliyati bir vaqtda buzilishi mumkin va natijada suyaklar zichligi asta-sekin kamaya boshlaydi.

— Gormonal buzilishlar kasallik xavfini orttiradimi?

— Organizmdagi gormonal oʻzgarishlar, yaʼni androgen yoki estrogen gormonlarining yetishmovchiligi (ayniqsa, menopauza — klimaks davri)da bu hol roʻy beradi. Ayollarda bachadon olib tashlangan holatlarda, osteoporoz xavfi ortishi mumkin.

Gormonlar yetishmasligi tufayli kalsiy ionlari osteoklast yemiruvchi toʻqimalar faoliyatini kuchaytiradi, bundan tashqari, ichakda ovqat bilan tushgan kalsiyning hazm boʻlishi qiyinlashadi.

Gormonal buzilishlardan tashqari organizmdagi qalqonsimon bez va buyrak usti bezlarining kasalliklari osteoporozga turtki beradi. Osteoporoz nozik, ozgʻin, kichik jussali ayollarda koʻproq uchraydi, chunki semiz va toʻla odamlarda ogʻirlikni koʻtarish uchun suyaklar ham baquvvatlashib, zichligi ham shunga mos ravishda oshadi.

Organizmda D vitaminining yetishmasligi ham jiddiy hodisa. Chunki mazkur vitamin quruvchi toʻqimalarning faolligini oshiradi. Shuning uchun tarkibida D vitamini koʻp boʻlgan baliq va sut mahsulotlarini kam isteʼmol qilgan odamlarda ham osteoporozga moyillik kuzatiladi. Shu bois D vitaminiga boy mahsulotlarni koʻproq isteʼmol qilish talab etiladi.

— Osteoporozning ogʻir asoratlari qanday?

— Osteoporoz uzoq vaqt davomida asta-sekin rivojlanadi. Bemor buni sezmasligi ham mumkin. Suyaklarda zichlik maʼlum darajada kamaygach, ogʻriq boshlanadi. Birinchi navbatda umurtqa pogʻonasi suyaklari zichligi kamayadi, baʼzan sinadi. Umurtqalarda sinish yuzaga kelgandan, keyingina bemor ogʻriq sezadi. Afsuski, bemorlar ogʻrik kuchaygandan keyingina vrachga murojaat qilishadi.

Kasallikning ogʻir asorati — suyaklarning sinib qolishi, ayniqsa, son suyagi boʻynining sinishidir. Bu holatda bemor yura olmaydi, yotib qoladi. Kamharakatlik kasallikni battar rivojlantiradi va yosh oʻtgach, bu hol nogironlikkacha olib boradi.

— Kasallikning davolash usullari qanday?

— Hozirgi kunda osteoporoz kasalligi asoratlari jarrohlik usulida davolanayapti. Hatto keksa bemorlarning son suyagi singanda, vaqtni oʻtkazmay operatsiya qilinadi. Ayrim hollarda singan suyak boshchasi olib tashlanib sunʼiy boʻgʻimlar qoʻyiladi.

Bemorlar zamonaviy tekshiruv usullari (masalan, suyak kasalliklarini tez aniqlovchi raqamli rentgen apparati)dan oʻtishlari lozim. Boshqa tekshiruvlar (densitometriya, ulʼtratovushli va rentgenologik) usullar ham bor. 45-50 yoshdan keyin deyarli barcha ayollar bunday tekshiruvlardan oʻtib turganlari maʼqul.

— Osteporozning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

— Kasallikning oldini olish uchun toʻgʻri ovqatlanishga ahamiyat berish muhim. Baliq, tuxum, sariyogʻ, sut kabi mahsulotlarni, koʻkatlarni koʻproq isteʼmol qilish kerak. Koʻkatlardagi kaliy suyak toʻqimasi oqsili boʻlmish osteokalsin sinteziga yordam beradi.

Jismoniy mashqlarni bajarish, ayollarning raqs bilan shugʻullanishlari foyda beradi. Raqs harakatlari tana muvozanatini tiklaydi, yiqilish va suyak sinishi xavfidan asraydi. Tennis bilan shugʻullanish, koʻp piyoda yurish ham osteoporozning oldini oladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.