Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 4 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va jurnalistlar ishtirokida Rossiya Federatsisi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning 1-3 oktyabr kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi yakunlariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda taʼkidlanishicha, ushbu tashrif barcha sohalardagi Oʻzbekiston — Rossiya hamkorligining strategik mohiyatini tasdiqlaydi. Valentina Matviyenkoning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishilgani yuqori ahamiyatga ega boʻlib, uchrashuvlar doirasida parlamentlararo muloqot kelishuvlarning muhim qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda qoʻshma parlamentlararo komissiya allaqachon ish boshlagan va bu barcha davlatlarda ham mavjud emasligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy eʼtibor mintaqaviy hamkorlikka qaratildi. Shu yilning oʻzida ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida 30 ta toʻgʻridan-toʻgʻri tashriflar amalga oshirildi. Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining 70 ta subyekti bilan viloyatlarimiz aloqa oʻrnatgan.
OAV vakillari Oʻzbekistonnning YeOIHga qoʻshilishi mumkinligi haqidagi maʼlumot nega davlatimiz mutasaddilaridan emas, balki Rossiya vakili tomonidan maʼlum qilinganiga izoh soʻrashdi.
Sodiq Safoyev mahalliy OAVning voqeliklarni har doim ham asosli yoritmasligini tanqid qildi.
— Jurnalistlar nega bu maʼlumot Rossiya tomonidan maʼlum qilindi, degan qarorga kelishganiga, hayronman? Joriy yilning 24 iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti parlament sessiyasida soʻzlagan nutqida mamlakatimizning YeOIHga qoʻshilishining ijobiy va salbiy tomonlarini oʻrganish zarurligini taʼkidlagan edilar. 1 avgustda Belarusda imzolangan ikki tomonlama qoʻshma bayonotning 7 bandida Belarus tajribasidan kelib chiqib Oʻzbekiston hamda YeOIH oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish koʻrsatib oʻtilgan. Bir soʻz bilan aytganda hech qanday yangilik eʼlon qilingani yoʻq. Prezidentimiz faqat Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini koʻzlab ish tutadigan kuchli va mustaqil rahbar. Aynan shu sabab uch yil avval Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati yangilana boshlangan. U yanada ochiqroq va pragmatik hamda kamroq siyosatlashtirilgan, mafkuralashtirilgan davlatga aylandi. Biz mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarimizni qayta shakllantirmoqdamiz va bu toʻgʻri yoʻl. Shuning uchun, men yana bir taʼkidlamoqchimanki, ushbu masalada hech qanday bosim boʻlmagan. Oʻzbekiston bosim oʻtkazish mumkin boʻlgan davlat emas!
Manbaa: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sayti