«Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJni rivojlantirish konsepsiyasini Germaniyaning «Doyche Bann» kompaniyasi ishlab chiqmoqda

0
180
marta koʻrilgan.

Avval xabar berilganidek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Avia va avtomobil transporti infratuzilmasini, jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi” mavzusida brifing boʻlib oʻtdi.

Unda mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan transport sohasida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

Xususan, temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish, mazkur tarmoqda transport xizmatini koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan taʼminlash hamda modernizatsiya qilish ishlariga toʻxtalib oʻtildi.

2019 yil investitsiya dasturiga muvofiq “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qiymati 512,19 mln dollar boʻlgan 23 ta investitsiya loyihasi doirasida 1 200 ta yuk va 50 ta yoʻlovchi vagonlarini ishlab chiqarish, 180 km uzunlikdagi temir yoʻllarni taʼmirlash va boshqa bir qator muhim ishlar amalga oshiriladi”, — dedi Transport vaziri oʻrinbosari Ilhom Mahkamov.

Temir yoʻllarda tashilayotgan yoʻlovchilar oqimini koʻpaytirish maqsadida yangi yoʻnalishlarda qatnovlarni joriy etish, uzunligi 1079 km boʻlgan temir yoʻllarni elektrlashtirish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

“Ayni damda Germaniyaning “Doyche Bann” kompaniyasi tomonidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, — dedi Ilhom Mahkamov. — Bu konsepsiyada xizmatlarni takomillashtirish, ishlarni tashkil etish jarayonini isloh qilish va rivojlantirish dasturlarini boshqarish yoʻnalishlari qamrab olinadi”.

Jurnalistlar bilan muloqot davomida lokomotivlar, vagonlar parkini bosqichma-bosqich yangilash hamda koʻpaytirish, mazkur yoʻnalishda xususiy sektor ulushi oshib borishini ragʻbatlantiruvchi siyosat olib borilishi aytildi. Hozirda xususiy vagonlar ulushi 20 foizni tashkil etishi bildirildi.

Xavfsizlikni taʼminlash va yuqori ish samaradorligiga erishish maqsadida yoʻlovchi va yuk poyezdlari qatnovi amalga oshiriladigan yoʻllarni bir-biridan ajratish koʻzda tutilgani qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.