Oʻzbekistonda 65 gektar yerga zaharli kimyoviy moddalar koʻmib qoʻyilgani va bu hududlar qoʻriqlanishi maʼlum qilindi

0
185
marta koʻrilgan.

Avval xabar berilganidek,  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasining  “Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan brifing hamda OAV vakillari bilan intervyu boʻlib oʻtdi.

Tadbirda mazkur xalqaro hujjat asosida mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, aholi, atrof-muhit, oʻsimlik va hayvonot uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistonda ifloslantiruvchi moddalardan koʻproq qishloq xoʻjaligida, zararkunandalarga qarshi kurashishda foydalanilgan, — dedi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Toʻlagan Abdulgʻoziyev. — Ularning yaroqlilik muddati oʻtgan va ishlatish man etilgan maʼlum bir qismi hali ham bizda bor. Bundan tashqari, ilgari bizda qishloq xoʻjaligi aviatsiyasi keng qoʻllanilgan, ayniqsa defoliatsiya jarayonlarida. Qishloq xoʻjaligi obyektlari joylashgan tumanlarda qishloq xoʻjaligi aerodromlari boʻlgan, aerodromlar hududida kimyoviy vositalar saqlanadigan omborxonalar boʻlgan. Uchoqlarga aerodromlarda kimyoviy vositalar yuklangan. Natijada aerodrom atrofidagi tuproq ham maʼlum miqdorda zararli ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslangan. Afsuski, bizning qoʻmitamizda hamma aerodromlarni qamrab olish, nazorat qilish imkoniyati yoʻq. Lekin doimiy monitoring olib boramiz. Monitoring natijalari shunii koʻrsatmoqdaki, hozirda ayrim aerodromlarda ifloslanish darajasi meʼyorlardan yuqori”.

Qonunchilik palatasi deputati Xayrullo Gʻafforov zaharli moddalar yurtimizda yana qayerlarda mavjud ekani, umumiy qancha hajmni tashkil etishi haqida maʼlumot berdi.

“Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar parchalanishi qiyin boʻlgan, biologik toʻqimalarda toʻplanish imkoniyatiga ega boʻlgan moddalar hisoblanadi, — dedi deputat Gʻafforov. — Hozirgi kunda, aerodromlardan tashqari, respublikamizning 13 ta hududida jami 65 gektardan ortiq yer maydoniga zaharli kimyoviy moddalar betonlab koʻmib qoʻyigan”.

Oliy Majlis vakilining bildirishicha, bu joylardagi holat, tevarakdagi suv manbalari, tuproq tarkibi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib boriladi.

“Shu vaqtga qadar koʻmilgan zaharli moddalarning yon-atrofga taʼsiri boʻyicha hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan, — dedi Xayrullo Gʻafforov. — Yaʼni, yoʻl qoʻyiladigan darajadan ortib ketgan miqdorda aniqlanmagan”.

Jurnalistlar bu hududlar inson salomatligi va ekologiya xavfsizligi nuqtai nazaridan strategik ahamiyat kasb etishi mumkinligi xususida toʻxtalib, “Qoʻriqlanadimi?” degan savol bilan murojaat qildi.

“Ushbu maxsus obyektlar “Oʻzagrokimyo” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli va ular albatta qoʻriqlanadi”, — dedi qoʻmita boshqarma boshligʻi Toʻlagan Abdulgʻoziyev.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.