Oʻzbekistonda mehnat va bandlik sohasini isloh qilish uchun Jahon banki 50 mln, Osiyo taraqqiyot banki 100 mln AQSH dollari ajratadi

0
181
marta koʻrilgan.

Avval  xabar berganimizdek,  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari va mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda mehnat bozorining bugungi holati, majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, tashqi mehnat migratsiyasi, Koreya boʻyicha yangi tanlov tizimi va EPC Topic testi, fuqarolarning mehnat huquqlari taʼminlanishiga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, vazirning birinchi oʻrinbosari Erkin Muhiddinov, vazir oʻrinbosarlari Bahodir Umurzoqov, Nodirbek Yoqubov, vazir maslahatchisi Botir Alimuhammedov hamda masʼul lavozimdagi boshqa rahbar xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda maʼlum qilinishicha, eng yuqori ishsizlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida (9,7%) qayd etilgan. Ishga muhtoj aholi soni — 1 million 391 ming kishidan iborat.

Vazir mehnat bozorining bugungi holati xususida maʼlumot berdi.

“Hozirgi kunda mehnatga layoqatli aholi soni 18 954 ming (oʻsish 1,0%), band aholi soni 13 376 ming (oʻsish 1,3%) tashkil etadi, — dedi Sherzod Kudbiyev. — Iqtisodiyotning norasmiy sektorida bandlar 7 964 ming (59,5%), shu jumladan, xorijda ishlayotganlar 2 365,4 mingni tashkil etadi”.

Tadbirda, shuningdek, sohada kutilayotgan oʻzgarishlar, islohotlar toʻgʻrisida fikr yuritildi.

“Xizmat koʻrsatish sohasini imkon boricha xususiy sektorga oʻtkazgan maʼqul, — dedi vazir Kudbiyev. — Chunki manfaatlar toʻqnashuvi boʻlmasligi kerak. Yaʼni davlat ham boshqaruvchi, ham taʼsischi boʻlsa, xizmat koʻrsatsa, turli manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin. Shunday boʻlmasligi uchun bandlik sohasidagi munosabatlar ham xususiy biznes tomonidan amalga oshirilyapti. Biz esa ularning ishlashini nazorat qilamiz”.

Aytilishicha, bugungi kunda respublika boʻyicha 82 ta yuridik shaxs xususiy bandlik agentligi sifatida reestrda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 61 tasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijga ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻillanmoqda.

Muloqot davomida Jahon banki tomonidan mehnat organlari salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan subsidiyalar ajratish dasturiga 50 mln AQSH dollari miqdorida, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan vazirlik huzuridagi ishsizlarni kasbiy oʻqitish markazlarini rekonstruksiya qilish, ulrga yangi oʻquv jihozlarini olib kelish, zamonaviy professional standartlarni joriy etish maqsadida
100 mln AQSH dollar miqdorida imtiyozli kreditlar berilishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.