AOKA huzuridagi shtabda Tashqi mehnat mirgatsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov ishtirokida 28 iyul kuni boʻlib oʻtgan brifingdagi muhim maʼlumotlar bilan tanishing.
SAVOL: Janubiy Koreyada ishlab, mehnat taʼtili uchun Oʻzbekistonga kelganman, Janubiy Koreyadagi ish joyimga qaytib ketishim uchun qanday hujjatlar talab etiladi va men qachon uchib ketishim mumkin?
JAVOB: Koreya Respublikasi talabiga koʻra, fuqarolar avvalo mazkur davlatga kirishdan oldin 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish boʻyicha rozilik bitimini tuzishi hamda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya qilingan tibbiyot muassasalaridan joʻnab ketishdan 48 soat oldin koronavirusga test topshirishi belgilangan.
Shuningdek, rozilik bitimida koʻrsatilgan Koreyadagi oʻzini oʻzi yakkalash manzili tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganiladi. Oʻrganish natijasiga koʻra, oʻzini oʻzi yakkalash joyi karantin qoidalariga toʻgʻri kelgan taqdirda, fuqarolarga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi. Yana ishchi vizasiga ega fuqarolarning mazkur davlatga charter reys orqali kirib borishi boʻyicha ham cheklovlar mavjud, yaʼni bitta reysda 60 nafardan oshmasligi lozim. Shuningdek, mehnat taʼtili olib Oʻzbekistonga kelgan fuqarolarni charter reyslar orqali ish joylariga qaytarish uchun ularning ID kartalari amal qilish muddati boʻyicha roʻyxat shakllantiriladi, yaʼni fuqaroning ID kartasi tugash muddati qancha kam boʻlsa, u roʻyxatning yuqorisidan joy oladi.
Fursatdan foydalanib, Janubiy Koreyada ishlab, mehnat taʼtili uchun Oʻzbekistonga kelgan fuqarolardan www.eps.go.kr saytidagi shaxsiy kabineti maʼlumotlarini muntazam tekshirib borishni tavsiya etamiz. Agar ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki rad etilgan taqdirda, zudlik bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga bu haqda xabar berishlarini soʻraymiz.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlamoqchimanki, joriy yilning 10 iyun sanasidan 10 iyul sanasiga qadar mehnat taʼtili uchun Oʻzbekistonga kelgan fuqarolardan 131 nafari charter reyslar orqali Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda joʻnatilgan. Ketishdan avval qator tibbiy koʻriklardan oʻtgan, shu jumladan koronavirus kasalligiga qarshi test topshirgan boʻlishiga qaramay, 5 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Hozirgi kunda 400 dan ortiq fuqaro tashkiliy tarzda joʻnab ketishga tayyor, ammo 13 iyuldan charter reyslar orqali fuqarolarni tashkiliy tarzda joʻnatish vaqtinchalik toʻxtatilgan.
Hozirda fuqarolarni tashkiliy tarzda joʻnatish boʻyicha Koreya Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan muzokara olib borilmoqda.
SAVOL: Men Qozogʻistonda ishlardim, pandemiya sabab oʻz ish joyimga qaytolmayapman. Hozir Qozogʻiston yoki Rossiyaga ishlash uchun ketishning iloji bormi?
JAVOB: Koronavirus pandemiyasi sababli dunyoning koʻplab mamlakatlarida joriy qilingan karantin natijasida ishsizlik darajasi ortib bormoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ushbu sharoitida xorijdagi mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmoqda.
Bugungi kunda xorijda ishsiz qolgan fuqarolarni oʻsha davlatning pandemiyadan nisbatan kam zarar koʻrayotgan boshqa sohalariga ishga jalb qilish, xorijga keta olmagan migrantlarga yordam berish va ularga turli kasb va chet tillarini oʻrgatishga jalb qilish uchun maxsus sayt ishga tushirilgan.
Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasining qator ish beruvchilari bilan Oʻzbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.
SAVOL: Hozir Rossiyada ishlayman. Oʻzbekistonga qaytmoqchiman. Charter reyslar orqali qaytishga menga amaliy yordam berishingizni soʻrayman.
JAVOB: Xorijdagi yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori asosida charter reyslar tashkil etiladi.
Mazkur reyslarga Oʻzbekistonning oʻsha hududdagi konsullik idoralari tomonidan fuqarolar roʻyxatga olinadi va ushbu roʻyxat asosida fuqarolar samolyot bortiga kiritilishi belgilangan.
Charter reyslar orqali xorijdagi fuqarlarni Oʻzbekistonga qaytarish ishlarini tashkil etishga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatga ega emas.
SAVOL: Rossiyada mehnat qilayotgan fuqaro vafot etsa, uning jasadini Oʻzbekistonga olib ketish imkoniyati bormi? Agar u koronavirusdan vafot etgan boʻlsa-chi?
JAVOB: Vazirlar Mahkamasining «Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 713-sonli qarorida mehnat migratsiyasida boʻlgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini va xorijda mehnat faoliyati vaqtida ogʻir tan jarohati olgan fuqarolarni bepul asosda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelish belgilab qoʻyilgan.
Unga koʻra Xorijda vafot etgan mehnat migranti jasadini Oʻzbekistonga olib kelish masalasida marhumning yaqinlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki uning xorijiy mamlakatlaridagi vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.
Agar fuqaro koronavirusdan vafot etgan boʻlsa, tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda uning ham jasadini Oʻzbekistonga olib kelish choralari koʻriladi.
SAVOL: Koreyada ishlash jarayonida mehnat taʼtili olib, Oʻzbekistonga kelganman, pandemiya sababli oʻz vaqtida qaytib borolmaganim uchun ish beruvchi tashkilot mehnat shartnomasini bekor qildi. Viza amal qilish muddatim bor. Koreyaga chiqib ketishim uchun qanday hujjatlarni rasmiylashtirish lozim va kimga murojaat qilaman?
JAVOB: Ish beruvchi tashkilot tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kun ichida Koreya Respublikasiga kirib borishingiz hamda ish almashtirish arizasini tegishli hududdagi «Koyong» markaziga topshirishingiz talab etiladi.
SAVOL: Koreyada ishlash jarayonida mehnat taʼtili olib, Oʻzbekistonga kelganman, lekin viza amal qilish muddatim tugagan, Koreya Respublikasiga chiqib ketishim mumkinmi?
JAVOB: Ish beruvchingiz Koreya Respublikasining tegishli tashkilotiga viza tasdiqnomasini qaytadan berish boʻyicha murojaat qilishi lozim. Viza tasdiqnomasi berilgan taqdirda, elchixona orqali rasmiylashtirib ketishingiz mumkin.
SAVOL: Koreya Respublikasida 4 yil 10 oy bir korxonada ishlab, qayta shartnoma bilan Oʻzbekistonga qaytganman, tegishli hujjatlarni Tashqi mehnat migratsyasi agentligiga taqdim qildim, chiqish vizam rasmiylashtirilgan, amal qilish muddati bor. Qachon Koreyaga joʻnab ketishim mumkin?
JAVOB: Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan ruxsat berilgan taqdirda tashkiliy tarzda joʻnatish imkoni boʻladi. Bu albatta eng avvalo Oʻzbekiston Respublikasi hamda Koreya Respublikasidagi epidemiologik vaziyatga bogʻliq.
Shu oʻrinda Koreya Respublikasidan yangi mehnat shartnomasi bilan qaytgan barcha fuqarolardan xorijga chiqish yoki fuqarolik pasportini zudlik bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki uning mintaqaviy filiallariga elektron tarzda joʻnatishlarini soʻraymiz. Oʻz vaqtida xorijga chiqish pasportini taqdim qilmagan fuqarolarning shartnoma loyihalari va viza tasdiqnomalari bekor boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantiramiz.
Shuningdek, Fuqarolik pasportidagi xorijga chiqish ruxsatnomasi (OVIR stikeri) amal qilish muddati tugagan va tugash arafasida boʻlgan fuqarolar zudlik bilan qatʼiy karantin qoidalariga amal qilgan holda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishlari kerakligi toʻgʻrisida maʼlum qilamiz.