Qaysi shaklda taʼlim olayotgan talabalarning 50 foiz kontrakti toʻlab beriladi?

0
225
marta koʻrilgan.

Oʻtgan yilning 7 iyunida Vazirlar Mahkamasining «Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» qarori qabul qilingan edi.

Qarorga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan barcha oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yoʻnalishida taʼlim olayotgan oʻquvchi-talabalarga toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha yillik xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.

Mazkur xarajatlarni toʻlab berish yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida «Yoshlar daftari» jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi. Shuni ham aytish oʻrinli, ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotganlarga bunday imkoniyat berilmaydi.

Buning uchun talabalar Vasiylik kengashiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) nusxasini taqdim etishi lozim. Bunda kontraktda oʻqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi talab etiladi.

Hujjatlar taqdim etilgandan keyin, Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga koʻrib chiqish uchun yuboradi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida toʻlov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida tavsiyanoma beradi yoki rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda toʻlov-kontrakt xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.

Murojaatni oʻrganish natijalari boʻyicha Vasiylik kengashi tomonidan toʻlov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan soʻng uch ish kuni ichida belgilangan miqdordagi toʻlov-kontrakt mablagʻlari professional taʼlim yoki oliy taʼlim tashkilotining hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

Shuni ham aytish joiz, koʻpchilik opa-singillarimiz tomonidan qanday foizsiz kredit olish mumkinligi toʻgʻrisida savollar kelib tushmoqda.

Moliya vazirligining maʼlum qilishicha, «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan imtiyozli taʼlim krediti boʻyicha garov va kafillik ham talab etilmaydi. Talaba va bank oʻrtasida 14 foizli taʼlim krediti ajratish toʻgʻrisida shartnoma imzolanadi. Ushbu kredit boʻyicha foiz stavkalari toʻliq davlat byudjetidan qoplanadi.

Taʼlim kreditini rasmiylashtirgan xotin-qizlar rasmiy oʻqish muddati tugaganidan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida rasmiylashtirilgan kreditning asosiy qarz qismini qaytaradi.

Imtiyozli taʼlim kreditini rasmiylashtirish uchun talabalar tijorat bankiga ariza berishi, kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati, taʼlim muassasasining toʻlov-kontrakt shartnomasi talab etiladi.

Shuningdek, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchining tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq imtiyozli taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti boʻyicha hujjati boʻlishi shart.

Qarorlar ijrosini taʼminlash yuzasidan quyidagi 12 ta tijorat banki, yaʼni «Mikrokredit bank», «Asaka bank»; «Agrobank», «Xalq banki», «Ipoteka bank», «Qishloq qurilish bank», «Turon bank», «Oriyent finans bank» «Milliy bank» «Oʻzsanoatqurilishbank» «Hamkorbank», «Aloqa bank»lar talabalarga foizsiz taʼlim krediti ajratish uchun Moliya vazirligi bilan bitim imzolagan.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.