Xushxabarning qanoti bor, deyishadi. Saida Mirziyoyevaning goʻzal tashabbus haqidagi fikrlarini AOKAning telegramdagi sahifasida oʻqidik. Unda shunday deyiladi:
Bugungi tahlikali kunlarda oʻn minglab odam bir-biriga yordam qoʻlini choʻzmoqda, qalbining bir parchasini berib, bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. Ogʻir ahvolda qolganlarga dalda boʻlayotgan hamma-hammadan behad minnatdormiz. Fondimiz ham bu ishlarda faol ishtirok etmoqda.
Ammo, pandemiya muhtoj insonlarga koʻmak berish masalasiga boshqacha koʻz bilan qarashga bizni majbur qildi. Yordam berish jarayonida salbiy oqibatlar keltirib chiqarmaslik, yaʼni imkon qadar “bevosita muloqot qilmaslik” qoidasiga rioya qilish zarur edi. Shu tariqa “Xavfsiz Yordam” loyihasi paydo boʻldi.
Biz karantin tufayli moddiy ahvoli ogʻirlashgan ayollar uchun mingta Uzsard kartasini tayyorlatdik va Jamoat fondi hisobidan bir milliard soʻm oʻtkazdik. Butun respublika boʻylab ijtimoiy himoyaga muhtoj, farzandlarini yolgʻiz tarbiya qilayotgan, ishsiz qolgan ming nafar ayol tanlab olindi. Ularning roʻyxatini tuzishda bir qator tashkilot va koʻngillilar jamoalari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarlik va profilaktika boʻlimi, Mahalla va oilani qullab-quvvatlash vazirligi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi yaqindan yordam berdi. Zero, kim birinchi navbatda koʻmakka muhtoj ekanligi aynan ularga maʼlum.
Mingta karta degani – dengizdan tomchi xolos, ammo biz ushbu tashabbus boshqalarga ham ibrat boʻladi, degan umiddamiz. Kartadagi million soʻm maʼlum muddat roʻzgʻor tebratishga imkon beradi.
Mazkur loyihaga hissasi qoʻshilgan, bizga yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Oʻn kun davomida mingta kartaning har bittasi oʻz sohibasiga yetkaziladi.
Bugun butun dunyoda boʻlgani kabi bizda ham iqtisodiy inqiroz yuz bermoqda. Ammo aynan shunday sinovli kunlarda xalqimizni jipslashtiradigan eng ajoyib takliflar va eng zoʻr gʻoyalar tugʻilishiga mening ishonchim komil.