AOKA huzuridagi shtabida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Neʼmatjon Atamurodov ishtirokida oʻtkazilgan brifingdan muhim maʼlumotlar:
«Airbus» kompaniyasining kosmik suratlari, vertolyot va dronlar yordamida suv bosgan hududlarning kunlik bir nechta turdagi xaritalari tuzildi.
«Sentinel-2» sunʼiy yoʻldoshlaridan olingan kosmik suratlarga asosan 2020 yil 4 va 9 may kunlari holatiga suv turgan maydonlar va suv bosgan maydonlarda ekilgan oʻsimliklarning vegetatsiya xaritalari tuzildi.
Suv bosgan hududlarni xatlovdan oʻtkazish natijasida kadastr bahosi 254 milliard 652 milion soʻmni tashkil etadigan jami 5 ming 388 ta turar joy va kadastr bahosi 14 milliard 584 million soʻmni tashkil etadigan jami 133 ta noturar joy obyektlari zararlanganligi aniqlandi.
Taʼmirtalab uylar soni — 3003 ta.
Suv toshqinidan zarar koʻrgan uylarning 3 709 ta kadastr hujjatlari dublikatlari 2 kun ichida bepul tayyorlab berildi.
Toshqin natijasida 108 ta fermer va qishloq xoʻjalik korxonasining 16 525 gektar yeri zararlangan. Ularning oʻrniga boshqa tuman yerlardan qoʻshimcha ekish uchun 3990 gektar yer maydoni aniqlanib, 3244 gektar maydonga ekish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, suv ostida qolgan qabristonlar aniqlanib, ularning manzilli xaritasi tuzildi.