Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Bishkekda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Dushanbeda oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning sammitidagi ishtiroki yakunlariga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.
Brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Oripov, direktor oʻrinbosari Sanjar Valiyev, Mintaqaviy tadqiqotlar markazi boshligʻi Baxtiyor Mustafoyev, boʻlim boshligʻi Saʼdullo Rasulov ishtirok etdi.
Tadbirda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi. Xususan, jurnalistlar ShHT Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda qanchalik muhim rol oʻynashi borasida qiziqish bildirdi.
«ShHT mintaqadagi xavfsizlikni taʼminlaydigan juda muhim tuzilma hisoblanadi, — deb izoh berdi Eldor Oripov. — Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining terrorizmga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi, xalqaro terroristik va boshqa tashkilotlar haqida yagona maʼlumotlar bankini shakllantiruvchi, terrorizmga qarshi kurashish uchun mutaxassis va instruktor tayyorlashga koʻmaklashuvchi, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiquvchi ShHTning Mintaqaviy terrorizmga qarshi tuzilmasi faoliyat koʻrsatadi. ShHT kotibiyatining maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 4 yil ichida tashkilot faoliyati doirasida terroristik xarakterdagi 600 dan ortiq jinoyatning oldi olindi, terroristlarni tayyorlaydigan 500 ta baza yoʻq qilindi, 2000 dan ziyod xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyati toʻxtatildi».
Institut direktori, shuningdek Oʻzbekistonda barqarorlikka katta qiyinchiliklar bilan erishilayotganini taʼkidladi. Bunga esa, eng avvalo, davlat rahbarining ilgari surayotgan strategiyalari sabab boʻlayotganini aytib oʻtdi.
«Qoʻshni Afgʻonistonda hayot qandayligiga eʼtibor bering, — deb taʼkidladi Eldor Oripov. — U yerda har yili tinch aholi halok boʻladi. Joriy yil boshidan to aprelga qadar 305 nafar kishi oʻlgan, 300 nafari esa jarohatlangan. 3,7 million bola maktabga qatnamaydi. Ularning 60 foizi — qizlar».
Institut direktori soʻzi davomida yana bir faktga diqqat qaratdi: olimlarning maʼlumotlariga koʻra, urushlarga barham bergan mamlakatlarning 50 foizi yaqin 5 yil ichida yana qurolli toʻqnashuvlar iskanjasida qolgan. Urush asoratlaridan xoli farovon hayotga qaytish esa, odatda, bir necha avlod almashuvini talab etadi.
«Shunday ekan, bir marta beqarorlikka yoʻl qoʻyish bilan yana tinch hayotga qaytish oson boʻlmasligini tushunish lozim. Tinchlikni saqlash oson emas, tinchlikdan mosuvo boʻlish ham juda qiyin emas», — deb soʻzini yakunladi institut direktori.