AOKA shtabida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Botir Qurbonov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
SAVOL: Davolanish uchun shifoxonaga borganda koronavirus infeksiyasiga tekshirilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma soʻralishi toʻgʻrimi?
Javob: Yoʻq, davolash-profilaktika muassasalariga davolanishga va tugʻruq majmualariga qabul qilishda koronavirus kasalligiga tekshirish TALAB QILINMAYDI.
Faqat koronavirus yuqish ehtimoli yuqori boʻlgan quyidagi shaxslardan biologik namuna olinib, oʻrnatilgan tartibda tekshirilishi belgilangan: bemor bilan birlamchi (yaqin) muloqotda boʻlgan shaxslar; ikkilamchi muloqotda boʻlgan shaxslar; xorijiy davlatlardan kelgan shaxslar; tibbiyot xodimlari.
SAVOL: Nega Toshkent shahri bemorlar soni koʻpligiga qaramay, «sariq» hudud boʻlib qolmoqda? Mart-aprel oylarida kunlik kasallar soni hozirgidan kam boʻlsa-da, qatʼiy karantin choralari qoʻllanilgandi?
Javob: Toshkent shahrida kasallik qayd etilgan mahalla, mavze, daha va yirik obyektlar boʻyicha karantin cheklovlari oʻrnatilmoqda. Unga koʻra: jami 513 ta mahalla fuqarolar yigʻinidan 42 tasi — «qizil» hudud; 132 tasi — «sariq» hudud; 339 tasi — «yashil» hududga ajratilgan.
Toshkent shahri poytaxt ekanligi hisobga olinib, aholining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari va harakatlariga taʼsir qilmay, tadbirlarni manzilli belgilash tizimli tarzda amalga oshirilmoqda.
SAVOL: «Yashil» hududda tibbiy niqob taqmasa boʻladimi?
Javob: Respublika maxsus komissiyasi xulosasiga koʻra, hududlarda toifalanishidan qatʼiy nazar quyidagi tartibga rioya qilinishi shart: jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati obyektlarida ijtimoiy masofani (2 metr) saqlash; fuqarolarning tibbiy niqobdan foydalanishlari shart; uch kishidan ortiq yigʻilmaslik; antiseptik vositalardan foydalanish.