Soliq siyosatiga oid bugunning dolzarb mavzusida suhbat

0
167
marta koʻrilgan.

 AOKA huzuridagi shtabda Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Muzaffar Yusuf Nazarov ishtirokida bugungi kunga oid masalalar boʻyicha brifing oʻtkazildi. 

Savol: Shaxsiy tomorqamda yetishtirgan mahsulotni — oʻzimning ehtiyojimdan ortganini mahallamizdagi rastada sotsam, menga soliq imtiyozlari beriladimi?

Javob: Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan, uy xoʻjaligida dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olinadigan daromadlar boʻyicha imtiyoz berilgan boʻlib, bunda mazkur daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi undirilmaydi.

Savol: Tadbirkorlar yoki tadbirkorlik subyektlari qanday tartibdagi xayru ehsonni amalga oshirsa, qaysi soliqlar boʻyicha qanday miqdorda imtiyozga ega boʻladi?

Javob: Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 75-moddasiga asosan, ayrim soliqlar imtiyozlari belgilash Prezident qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin koʻpi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida va koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin.

Shunga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari uchun xayr-ehsonni amalga oshirgan taqdirda, nazarda tutilayotgan soliq imtiyozlari — ular qaysi soliq turlari boʻyicha berilishi hamda ularni qoʻllash shartlari yuzasidan Prezident qarori qabul qilingandan keyin, navbatdagi brifinglarda qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Savol: Yirik soliq toʻlovchi kategoriyasi har bir joyga qarab belgilanadimi? Joylarning iqtisodiy va boshqa koʻrsatkichlari farqlanadiku?

Javob: Davlat soliq qoʻmitasining qarori bilan «Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisida»gi Nizom tasdiqlangan (Adliya vazirligida 12.07.2019 y, 3172-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan).

 Yirik soliq toʻlovchilar toifasini belgilashda — sof tushumi 100 milliard soʻm va undan oshgan yuridik shaxslar oʻtgan kalendar yil yakuni yoki ketma-ket keladigan oʻn ikki oylik davr boʻyicha soliq organlariga taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlaridagi koʻrsatkichlariga asosan aniqlanadi.

 Mazkur Nizom talablari tatbiq etiladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar bir oydan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.

 Bugungi kunda respublika boʻyicha yirik soliq toʻlovchilar soni — 779 tani (filiallarni hisobga olmagan holda) tashkil etadi.

Savol: Xonadonimni ijaraga olgan fuqarorlar karantin tufayli, oʻz uylariga vaqtinchaga ketishdi. Qachon qaytishlari nomalum. Bu haqida soliq organlariga axborot berishim kerakmi va qanday tartibda?

Javob: Jismoniy shaxslar oʻrtasida tuzilgan koʻchmas mulk ijara shartnomalari oʻn kundan kechiktirmay soliq organlarida hisobga qoʻyiladi. Koʻchmas mulk ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor boʻlganda, koʻchmas mulk ijara shartnomasini vaqtincha bekor qilingani haqida kelishuv ixtiyoriy shaklda tuziladi.

 Ijaraga beruvchi koʻchmas mulk ijara shartnomasini vaqtincha bekor qilingani haqidagi kelishuvni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish uchun oʻzining shaxsiy kabineti yoki Davlat soliq qoʻmitasining My.soliq.uz soliq xizmatlari portalidagi «Ijara shartnomalarini hisobga qoʻyish» interaktiv davlat xizmati orqali, belgilangan shakldagi soʻrovnomani toʻldirib elektron tarzda yuboradi.

 Bunda, soʻrovnomaga koʻchmas mulk ijara shartnomasini vaqtincha bekor qilinganligi haqidagi kelishuv nusxasi biriktiriladi. Kelishuv ikki tomonlama tasdiqlangan boʻlishi kerak, chunki oʻrtada nizo kelib chiqishi mumkin va bunday holatlarda sud tartibida hal qilinadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.