Stokgolm konvensiyasi Oʻzbekistonga nima beradi: moliyaviy resurs, texnologiya va YeI imtiyozlari

0
247
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 18 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (Stokgolm, 2001 yil 22 may) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan brifing hamda OAV vakillari bilan intervyu boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xayrullo Gʻafforov, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshliqlari Toʻlagan Abdulgʻoziyev, Noʻmonjon Shokirov, boʻlim boshligʻi Zulfiya Sulaymonova, axborot xizmati bosh mutaxassisi Sevara Davlatova ishtirok etdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning Stokgolm konvensiyasiga qoʻshilishi mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligi uchun maqbul sharoitlarni yaratish va ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.

Konvensiya majburiy xarakterga ega boʻlib, turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalarni keskin qisqartirishga, tashlanmalarni toʻxtatishga hamda insoniyat organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab boʻlmas oʻzgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi toʻldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki maʼn etishga yoʻnaltirilgan.

Respublikamizda ushbu qonun kuchga kirgandan keyin 2 yil mobaynida turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalarni taqiqlash, cheklash, ekologik xavfsiz usulda yoʻq qilish majburiyatlarini bajarishni talab etuvchi Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

Qoʻmita boshqarma boshligʻi Toʻlagan Abdulgʻoziyevning soʻzlariga koʻra, mamlakatimizning Konvensiyaga qoʻshilishi qoʻyidagi imkonyatlarni yaratadi:

▪️Turgʻun organik ifloslantiruvchilar bilan bogʻliq ekologik holatni yaxshilash, aholi, atrof-muhit, oʻsimlik va hayvonot uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish.

▪️Konvensiya doirasida yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun rivojlanayotgan hamda iqtisodiyoti oʻtish davrida boʻlgan mamlakatlarga koʻmak doirasida turgʻun organik ifloslantiruvchilarni ekologik xavfsiz yoʻq qilish boʻyicha moliyaviy resurslar va texnologiyalarga ega boʻlish imkoniyati.

“ Oʻzbekistonda turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalarni yoʻq qilish texnologiyasi mavjud emas, — dedi Toʻlagan Abdulgʻoziyev. — Mazkur xalqaro hujjatga qoʻshilishimiz sohaga oid texnologiyalarni jalb etish uchun bizga koʻmak beradi”.

▪️Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa ittifoqi imtiyozlari (The EU’s Generalised scheme of preferences (GSP) Bosh tizimiga qoʻshilishi hisobiga milliy mahsulotlarni eksport qilish geografiyasi va hajmini kengaytirish.

Deputat Xayrullo Gʻafforovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning Stokgolm konvensiyasiga qoʻshilishi kimyo sanoati va qishloq xoʻjaligining rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, negaki, uning taʼsir darajasi respublikamiz hududida foydalanmaydigan moddalarga nisbatan tatbiq etiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.