Inson ongini, qalbini zabt etish va unga hukmronlik qilish yoʻlidagi kurash ayniqsa, bizning asrimizda avjga chiqdi. Oʻz niyatini amalga oshirish maqsadida minglab insonlarni yostigʻini quritishga tayyor gʻalamislar ham ming afsuski, uchrab turibdi. Har doimgidek niqob, oʻsha-oʻsha DIN! Bugunga kelib dinga boʻlgan qiziqishning ortishi globallashuv jarayonlarining bir inʼikosi deyish mumkin.
Afsuski, kommunikatsiya va informatsiya texnologiyalarining tez surʼatlardagi taraqqiyoti gʻoyaviy taʼsir oʻtkazishga, oʻz ortidan ergashtirishga, maqsadlarni amalga oshirishdagi imkoniyatlarning kengayishiga turtki boʻldi. Geosiyosiy maqsadlarga boʻysindirilgan kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining koʻpayib borayotgani bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, koʻplab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.
Yaqin Sharq mamlakatlarida…
Iroq, Suriya, Liviyada turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilyapti. Natijada esa tarixan ildizi baquvvat, yirik iqtisodiy salohiyatga ega ushbu davlatlar tanazzulni boshidan oʻtkazayapti.
Birgina 2016-yilning oʻzida terrorizm oqibatida Iroqda 9,765, Afgʻanistonda 4,574, Suriyada 2,102 kishi hayotni tark etdi. Turli aqidaparast guruhlar safini kengaytirish maqsadida yoshlarni jalb qilib, ularni manqurtga taʼbir joiz boʻlsa zombiga aylantirib, turli hiyla-nayranglarni amalga oshirib kelmoqda.
“Eng qulay” vosita…
Bugungi axborot texnologiyalari asrida internet maqsadlarni amalga oshirishdagi “eng qulay” vositaga aylandi. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardagi chatlar orqali turli yozishmalar olib borish natijasida “qarmoqqa” ilinib qolganlar ham talaygina.
Mutaxassislarning fikricha hozir 100 mingdan ortiq ekstrimizmning turli koʻrinishlarini oʻzida tashuvchi gʻoyalar targʻiboti bilan shugʻullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi gʻoyalar singdirlib, ular turli toʻqnashuv va nizo oʻchoqlariga jalb qilinmoqda. Ular tirik zombilarga aylantirilib oʻz yurti, oʻz yaqinlariga qurol oʻqtaladigan vosita sifatida foydalanib kelinmoqda.
Maʼlumotlar shuni koʻrsatadi-ki, birgina Hindistonning oʻzida oʻndan ortiq terrorchi guruhlar “faoliyat” olib borib, ularning har birida mingdan ortiq yoshlar bor.
Xoʻsh, nega aynan yoshlar?
Psixologlarning taʼkidlashicha, oʻrta yoshli insonlarga qaraganda yoshlarda ishonuvchanlik hissi va fanatizm koʻproq uchraydi. Internet foydalanuvchilarning asosiy qismi ham yoshlar.
Oʻzbekistonda bugungi kunda jami aholining 63 foizi global tarmoq foydalanuvchisiga aylangan. Dunyo miqyosida ham onlayn muloqotlarda yoshlarning faolligi koʻproq kuzatiladi. Ekstirimist guruhlar esa bundan oʻz maqsadi yoʻlida foydalanishga urinishi natijasida safini yoshlar hisobidan kengaytirib bormoqda.
“Arab yoshlari tadqiqotlari” nomli 2016-yilda chop etilgan kitobda yoshlarning ekstrimist oqimlarga ergashib ketishining bir qancha sabablari keltiriladi. Ayniqsa, dunyo miqyosida yoshlarda surunkali ishlashga ishtiyoq va qobiliyatining yoʻqligi va oson pul topish ilinji, faoliyat yuritish imkoniyatlarining yetarlicha emasligi asosiy sabab qilib koʻrsatiladi.
Xulosa shuki, har bir yosh qalb shaxs sifatida shakllanishni istasa mashaqqatlardan qochmasligi, oʻtkinchi hayu havaslar girdobidan ehtiyot boʻlishi, sabr-qanoatni bilishi, ilmli boʻlishga intilishi lozim, deb oʻylayman.
Kamola HATAMOVA