Taʼlim sohasiga oid eng soʻnggi yangiliklar

0
433
marta koʻrilgan.

Bugun AOKA anjumanlar zalida taʼlim sohasiga oid eng soʻnggi yangiliklar yuzasidan onlayn-brifing boʻlib oʻtdi. Unda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov muhim savol va murojaatlarga javob qaytardi.

Savol: Oʻquv yili yakunida imtihon oʻtkaziladimi? Yoki oʻqish onlayn yakunlanadimi?

Javob: Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilot va muassasalarda 2019-2020 oʻquv yili «online-maktab» loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali yakunlanadi.

Hozir 5-11-sinf oʻquvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini oʻtkazish yoʻllari yoki bekor qilish masalasi muhokama qilinmoqda.  Vazirlik Maxsus hukumat komissiyasining bu masaladagi qarorini oʻz kanallari orqali maʼlum qiladi.

Savol: Maktabni oltin medalga bitirayotgan oʻquvchilarga imtiyozlar beriladimi?

Javob: Yoʻq, oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan oʻquvchilarga imtiyozlar berilishi koʻzda tutilmagan. Xalq taʼlimi vazirligi oliy oʻquv yurtiga kirish uchun talabgor yoshlarga teng imkoniyatlar taqdim etish tarafdori.

 Bundan koʻzlangan maqsad oʻquvchilarni taʼlim olishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, korrupsion holatlarning oldini olish va iqtidorli oʻquvchilar bilimini ragʻbatlantirishdan iborat.

Savol:10 maydan hamma oʻqituvchilar mehnat taʼtiliga chiqadi, degan gap qanchalik rost? Oʻquv yili muddatidan oldin yakunlanishi mumkinmi?

Javob: 10 maydan oʻqituvchilar mehnat taʼtiliga chiqishi haqidagi maʼlumotlar asossiz.

 Shu oʻrinda, hozirda taʼtilda boʻlgan tizim xodimlari bor. Ularning taʼtil muddati yakunlanmoqda. Bu masala boʻyicha yaqin kunlarda hukumat qarori qabul qilinishi kerak. Qaror chiqqanda qoʻshimcha izoh beriladi.

Savol: Olimpiadaning uchinchi (viloyat), toʻrtinchi (respublika) bosqichlari oʻtkaziladimi? Agar oʻtkazilmasa, tumanda gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga qanday imtiyozlar bor?

Javob: Respublika fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichini oʻtkazish boʻyicha barcha tayyorgarliklar koʻrilgan. Karantin tartibi bekor qilingach, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ommaviy tadbirlar oʻtkazishga ruxsat berilgandan keyingina olimpiadaning mazkur bosqichi oʻtkazilishi mumkin boʻladi.  Olimpiada oʻtkazilishi vaziyatdan kelib chiqib bekor qilinsa, ishtirokchilarga imtiyozlar berilmaydi.

Savol: Soatbay oʻqituvchiga onlayn dars oʻtgani uchun oylik toʻlanadimi?

Javob: Xalq taʼlimi vazirining 2020 yil 31 martdagi 91-sonli buyrugʻiga asosan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻqituvchilariga oʻz ish faoliyatlarini masofaviy tarzda (ish haqi toʻliq saqlangan holda) davom ettirishlariga ruxsat berilgan.

 Shunga koʻra, oʻqituvchilarga ichki va tashqi oʻrindoshlik asosida (joriy yil 1 aprelga qadar) biriktirilgan dars mashgʻulotlari uchun (taʼtilda boʻlmagan davrda) soatbay asosda ish haqi toʻlab beriladi.

Savol: Maktab rahbariyati karantin davrida sinflarni taʼmirlashni talab qildi, bu toʻgʻrimi?

Javob: Savol kim berganiga bogʻliq. Oʻqituvchilardan talab qilinayotgan boʻlsa, albatta, bu notoʻgʻri.

Lekin hozir karantin vaqtida qurilish ishlariga ruxsat berilgan. Maktabda oʻqituvchilar va oʻquvchilar yoʻq. Paytdan foydalangan holda, qurilish va taʼmirlash ishlarini sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirsa boʻladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.