Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov ishtirokida test sinovlari toʻgʻrisida navbatdagi hisobot brifingi boʻlib oʻtdi.
Maʼlum qilinishicha, 2 avgust kuni tezkor olingan maʼlumotlarga koʻra, test sinovlariga bir smenada jami 35 ming 670 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan. Shundan 963 nafar abituriyent turli sabablarga koʻra test sinovlariga kelmagan. 12 nafar abituriyent hududga kirish joyida qoidani buzganligi uchun test sinovlariga kiritilmagan.
Brifingda jurnalistlar tomonidan nazoratchilarning kelmay qolish holati ham boʻlmay qoladimi, shunday vaziyatlarda qanday chora koʻrilishi haqida savol berildi.
“Ha. Albatta. Test sinovlariga nazoratchilarning ham ayrim sabablarga koʻra ishtirok etmaslik holatlari kuzatiladi. Masalan, bugun 2622 nafar ishtirok etishi belgilangan nazoratchilardan 41 nafari kelmagan. Biz nazoratchilar ishtirokini belgilanganda turli vaziyatlarni inobatga olib zaxiradagi nazoratchilarni ham hisobga olganmiz. Nazoratchilar kelmay qolganda ularga kunlik belgilangan 200 ming soʻm toʻlanmaydi. Boshqa kunlar test sinovlariga ishtirok etganda shu kun uchun toʻlovlar beriladi”, -dedi boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov.
Eslatib oʻtamiz, kecha 1 avgust holatiga koʻra bakalavr yoʻnalishida kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha eng yuqori ball Navoiy davlat pedagogika institutining matematika oʻqitish metodikasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha – 179,4 ball toʻplangan; sirtqi taʼlim shakli boʻyicha – Andijon davlat universitetining informatika oʻqitish metodikasi taʼlim yoʻnalishida – 133,4 ball; kechki taʼlim shakli boʻyicha Oʻzbekiston Milliy universitetining amaliy matematika va informatika taʼlim yoʻnalishi – 131,3 ball toʻplagan.