Bugun AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Barno Odilova ishtirokida brifing oʻtkazilib, unda
aholidan tushgan savollarga javob qaytarildi.
SAVOL: Ikki marta koronavirusga test topshirdim, ikkalasida ham test natijasi manfiy chiqdi, lekin oʻzimni juda yomon his qilayapman, oʻzimda koronavirusning hamma simptomlarini kuzatayapman. Poliklinikaga murojaat qilganimda test natijalaringiz manfiy deb meni davolashdan bosh tortishayapti. Bunday holatda qanday yoʻl tutay?
JAVOB: Bugungi kunda tez tibbiy yordam, ambulator poliklinika va shifoxonalarga tibbiy yordam olish uchun qilinayotgan murojaatlar va SEOM muassasalariga test topshirish uchun navbatda turganlarning aksariyatida kasallik mavjud emas, ularning asosiy qismida vahima hukmron boʻlmoqda.
Hurmatli fuqaro, Sizda agar natijalar manfiy bulsa, sizda koronavirus kasalligi emas, boshqa kasallikning alomatlari boʻlishi mumkin. Oilaviy shifokoringizga murojaat qiling.
SAVOL: Qoraqalpogʻiston va Surxondaryoda koronavirusdan vafot etgan fuqarolarning kasalligi nega yashirildi?
JAVOB: Xabaringiz bor SSV tomonidan kasallanganlar haqidagi maʼlumotlar kuniga kamida 4 marta eʼlon qilinadi. Kasallikni yashirishdan esa hech qanday mantiq yoʻq. Shu bilan birga, statistik maʼlumotlar shifoxonaga yoki poliklinikaga murojaat qilgan bemorlar boʻyicha emas, kasallik aniqlanib yakuniy tashxis qoʻyilgan bemorlarga nisbatan qayd qilinadi.
SAVOL: Tibbiyot oliy oʻquv yurtida oʻqiydigan homilador qizimga karantin zonada ishlashga rozilik yozilgan tilxatga qoʻl qoʻydirib olishibdi…
JAVOB: Karantin zonasida ishlash uchun yosh bolasi bor, homilador, katta yoshdagi, surunkali kasalliklarning ogʻir shakllariga chalinganlar jalb qilinmaydi.
SAVOL: Koʻngillilarni ishga qabul qilish haqidagi eʼlonda koʻrsatilgan raqamlarga telefon qilib tusha olmayapmiz.
JAVOB: Koʻngillilar tomonidan juda koʻp murojaatlar boʻlayotgani bois yuqoridagi holat yuzaga kelgan boʻlishi mumkin. Qoʻngʻiroq qiling, albatta savollaringizga javob olasiz.