Uyda davolanish qay tartibda amalga oshiriladi va kimlarga umuman uyda davolanish mumkin emas?

0
175
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi, professor Habibulla Oqilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda yuqoridagi savollar yuzasidan maʼlumot berdi:

— Rivojlangan davlatlarda kasallik simptomsiz yoki yengil shaklda oʻtayotgan bemorlar uyda davolanyapti. Hozir bizda ham buning uchun barcha sharoitlar bor. Shuning uchun agar bemor tahlilida koronavirus aniqlangan boʻlsa, lekin uning simptomlari yoʻq yoki yengil oʻtayotgan boʻlsa, masalan aksirmayotgan, yoʻtalmayotgan, nafasi qisilmayotgan, taʼm va hid sezgilari yoʻqolmagan, tana harorati koʻtarilmagan boʻlsa, 5 iyuldan boshlab shu toifadagi bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.

Albatta, bu holatda Ichki ishlar va Milliy gvardiya tomonidan ularning uyda qolishi taʼminlangan holda tashkil etiladi.

Bemorning oilaviy poliklinikasidan har kuni ertalab telefon orqali muloqotda boʻlib,  xabar olib turiladi. Tana harorati koʻtarilmaganligi, yoʻtal yoʻqligiga eʼtibor beriladi.

Bemor talablarga rioya qilsagina, uyda qolishi mumkin. Agar kasalligini bila turib, koʻchaga chiqsa, unga nisbatan javobgarlik belgilangan.

 Uyda davolanayotgan bemordan 10 kundan keyin test olinadi va agar manfiy natija olinsa, uni hisobdan chiqarish mumkin boʻladi.

 Uyda davolanayotgan bemorlarga immunitetni koʻtaradigan dorilar beriladi. Bu dorilar hamma joyda bor.

 Agar bemor telefon orqali muloqotda: «Menda yoʻtal paydo boʻldi, kechqurun biroz haroratim koʻtarildi», desa, u albatta statsionarga olib ketiladi.

Koronavirus aniqlangan bemorning yoshi 65 dan oshgan boʻlsa, yo ortiqcha vazni boʻlsa, yoxud qandli diabet, metabolik sindrom, gipertoniya kabi yondosh kasalliklari boʻlsa, ular simptomlar bor-yoʻqligidan qatʼi nazar faqat statsionar sharoitda davolanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.