Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev quyidagi yangilikni maʼlum qildi:
— Kuni kecha boʻlib oʻtgan Senat yalpi majlisida karantin qoidalariga rioya etmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan Qonun maʼqullandi.
Endilikda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, aholi orasida vahima chiqarish uchun ham — jinoiy javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, endilikda karantin qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jarima miqdori fuqarolar uchun 6.690.000 soʻmgacha, mansabdor shaxslar uchun 11.150.000 soʻmgacha oshirildi.
Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan huquqbuzarlarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish vakolati berildi.
Jinoiy jazo ham kuchaytirilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi.