Virusdan himoya vositalari oʻzimizda ishlab chiqariladimi yoki xorijdan keltirilyaptimi?

0
137
marta koʻrilgan.

 AOKA shtabida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Xabibulla Oqilov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda bugungi kun uchun muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

SAVOL: Pandemiya boshlanishidan avval Oʻzbekistonda tayyorgarlik qay darajada edi?

JAVOB: Xitoyning Uhan shahrida epidemiya boshlanib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dunyo boʻylab pandemiya ehtimolini eʼlon kilgan kunda Oʻzbekistonda Maxsus komissiya tashkil qilinib, barcha tayyorgarlik ishlari oldindan boshlangan. Maxsus kiyim-kechak, niqoblar, dori-darmonlar, dezinfeksiya vositalari, kerakli asbob-uskunalar keltirilgan, shuningdek, tibbiyot mutaxassislari COVID-19 ni davolash boʻyicha malaka oshirish kurslarida tayyorlanishdi.  Shuning uchun ham Oʻzbekistonga koronavirus kirib kelganda bizda tayergarlik darajasi yuqori boʻlgan.

SAVOL: Britaniyalik olimlarning D vitamini va quyosh nurining yetishmasligi koronavirus dardida oʻlim holatini kuchaytirishi haqidagi taxminlari toʻgʻrimi?

JAVOB: D vitamini yetishmovchiligining koronavirusdan oʻlim holatini kuchatirishiga uzviy bogʻliqligi isbotlanmagan. Haqiqatdan ham D vitamini yetishmovchiligi organizmda immunitet zaiflashishiga va uning kasalliklarga tez chalinishiga olib kelishi mumkin.  Biroq, bularning barchasi olimlarning taxminlari boʻlib, bu borada izlanishlar davom etmoqda.

SAVOL: Virusdan himoya vositalari (niqob, qoʻlqop, koʻzoynak va hokazo) oʻzimizda ishlab chiqariladimi yoki xorijdan keltirilyaptimi?

JAVOB: Karantin davrida respublikamizning bir qator kichik va oʻrta biznes tadbirkorlari barcha himoya vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishgan.  Niqob, ustki himoya kiyimi, qoʻlqop va boshka dezinfeksiya vositalari kerakli mikdorda oʻzimizda ishlab chiqarilmokda.

SAVOL: Oʻzbekistonda koronavirusning qanday yuqish holatlari koʻproq uchrayapti?

JAVOB: Koronavirus aholiga qaysi yoʻl bilan — aksirish, qoʻl berib koʻrishish yoki buyumlar orqali yuqqanligini aniq aytish mushkul.

SAVOL: «Karantinda uzoq oʻtirish salomatlikka zarar, eng avvalo immunitet susayishiga olib keladi», deyishmoqda. Karantinning foyda va zarari haqida nimalar deya olasiz?

JAVOB: Karantin — bu albatta oson boʻlmagan jarayon. Uning eng asosiy foydasi — kasallikni yuqtirmaslik va tarqalmasligi.  Zarari — kamharakatlik albatta imunitetning susayishiga olib kelishi aniq.

Shuning uchun shifokorlarimiz valeologiyaning asosiy tamoyillariga rioya qilishni tavsiya etishadi: hovli yoki xonadon ichida jismoniy faollik, badantarbiya,  joyida turib yugirish,  «trenajor»lardan foydalanish,  xonani tez-tez shamollatib turish.  Eng asosiysi — toʻgʻri ovqatlanish. Kam kaloriyaga ega va vitaminlargan boy ovqatlarni tanovul qilish maqsadga muofiqdir. Immunitetni koʻtarish uchun mahalliy tabiiy oʻsimlik dori vositaliridan isteʼmol qilib turish maqsadga muvofiq.

SAVOL: Koronavirusdan zararlanishning oldini olish maqsadida virusga qarshi biror dori vositasini qabul qilish kerakmi?

JAVOB: Bunga zarurat yoʻq. Dorixonalardagi virusga qarshi preparatlar koronavirusga qarshi samara koʻrsatishiga oid dalil yoʻq.

SAVOL: Koronavirus infeksiyasidan yangi zararlanish toʻlqini boʻlishi mumkinmi?

JAVOB: Xitoylik hamkasblarning tajribasiga koʻra, karantindan soʻng faqatgina chetdan kelganlarda yangi koronavirus holatlari aniqlanmoqda.

SAVOL: Krantin tadbirlari asta-sekin yengillashtirilyapti. Koʻchada odamlar koʻpaymoqda. Oʻzimizni qanday himoya qilishimiz zarur?

JAVOB: Karantin tadbirlarini yengillatish yoki bekor qilish hamma koʻchaga chiqishi kerakligini anglatmaydi.  Eng yaxshi himoya usuli — gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish va niqob taqish, imkon qadar uyda qolgan maʼqul.

SAVOL: Laboratoriyalar salohiyatini oshirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

JAVOB: Oʻzbekistonda polimeraz-zanjirli reaksiya test tekshiruvi uchun yetarli darajada laboratoriya va asbob-uskunalar tayyorlangan. Reaktivlar oʻz vaqtida yetkazib berilyapti. Hozirgi kunda 330 mingdan ortiq test tekshiruvlari oʻtkazildi. Va har kuni 10–12 mingta tahlil qilinyapti.

SAVOL: Davolashning standartlari haqida soʻz ochilyapti, lekin ochiqlanmayapti. Nima uchun?

JAVOB: Bu umuman yangi turdagi infeksiya boʻlgani uchun uning davolash standartlari va protokollari toʻgʻrisida gapirish juda qiyin. Standartlar kun sayin oʻzgarib bormoqda.  Shuning uchun oʻzbekistonlik shifokorlar deyarli har kuni videokonferensiya orqali chet ellik hamkasblar bilan tajriba almashib davolash protokollariga oʻzgartirishlar kiritib kelmoqda.

SAVOL: Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina qachon tayyor boʻladi?

JAVOB: Hozirda bir nechta mamlakatlar (100 dan ziyod laboratoriya) vaksina ishlab chiqishgan va uni koʻngillilarda tajribadan oʻtkazishmoqda.  Ushbu vaksinalarning samaradorligi va qoʻllashga qarshi koʻrsatmalarini baholash va keyin ishlab chiqarish muddati 2020 yil oxiri 2021 yil boshiga toʻgʻri keladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.