“Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” haqida nimalar bilamiz? Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan ushbu ikki huquqiy norma inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolatidir. Konstitutsiya – xalq pasporti. Undagi huquqiy normalarni atamalarni, tushunchalarni har bir inson anglab yetishi kerak. Shundagina inson oʻzini oʻzi himoya qila oladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” tamoyillari inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolati, jumladan, umumeʼtirof etilgan institutlar konstitutsiyaviy darajada kuchaytirilayotganidan dalolat.
Umuman, yuqorida nomi keltirilgan institutlarning qonunda oʻz ifodasini topishi, ularning mazmuniy jihatlari, aynan, Bosh Qomusimizning 27,28,29 va 31-moddalarida inson qadr-qimmati va shaʼni, gumonlanuvchi fuqaroni ushlash chogʻida birlamchi huquqlarini tushuntirish, sudlov jarayoniga qadar huquqiy majburiyatlarga qaratilgan normalar aniq keltirilgan, deyish mumkin.
Keling, mazkur moddalarning kelib chiqishi, unda aks etayotgan yoʻnalishga alohida toʻxtalsak…
Xabaringiz boʻlsa, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Senati, Qonunchilik Palatasi yigʻilishlarida Konstutitsiyamizga kiritilishi lozim boʻlgan – inson qadri, huquq va erkinliklarini kafolatlash bilan bogʻliq qator tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Oʻshanda Konstitutsiyamizda, albatta, “Xabeas korpus”, “Miranda qoidasi” va “aybsizlik prezumpsiyasi” degan qoidalar kiritilishi toʻgʻrisida aniq takliflar berilgan. Shu bois, yangi tahrirdagi Konustitutsiyaning 27-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega, hech kim qonunda asoslanmagan holda, xibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqda saqlanishi yoki qamoqqa olinishi va uni ozodligini boshqa tarzda cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi bevosita koʻrsatib oʻtilgan.
Bu nima degani?
Fuqarolarimiz biron bir surishtiruv, tergov organlariga olib kelinganda, uning huquqi, shuningdek, ushlab turilishi asoslari, nega davlat organiga keltirilgani haqidagi huquqlari tushuntirilishi shart. Bu esa “Xabeas korpus” instituti tushunchasini aks ettiradi.
“Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, yaʼni jinoiy taʼqibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqining tarixan eng qadimiy eʼtiroflaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda “Xabeas korpus” instituti 2008 yildan tatbiq etilgan boʻlib, uning qoʻllash doirasi yillar davomida izchil kengayib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qatʼiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Angliyada paydo boʻlgan ushbu institut aybdor shaxs ushlanganidan to sudga qadar unga nisbatan koʻrilayotgan huquqiy chora jarayonini oʻrganadigan muassasa hisoblanadi. Angliya parlamenti mazkur holat boʻyicha dunyoda birinchi marta fuqarolarni besabab ushlab turmaslik boʻyicha qaror qabul qilgan. Oʻsha davrdan buyon xalqaro huquq qoidalarida fuqaroni sud jarayoniga qadar boʻlgan ushlab turilishi holatlari, aynan, “Xabeas korpus” instituti, deb yuritiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27-moddasida ushbu holatlarga guvoh boʻlishimiz mumkin. Shuningdek, mazkur atama boshqa ayrim yondosh moddalarda ham oʻz ifodasini topgan.
“Miranda qoidasi” ham huddi shunday. Qayd etish kerak, Konstitutsiyaga kiritilayotgan “Miranda qoidasi” – fuqaroni birinchi marta davlat organlari tomonidan biron bir ishga gumon qilinuvchi sifatida jalb qilayotganda, unga birlamchi huquqlari tushuntirib berilishi demakdir.
Xususan, ushlash chogʻida shaxs oʻz huquqlari toʻgʻrisida xabardor qilinishi lozimligi, uni ushlab turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi shaxs huquqlari tushunarli boʻlganmi, degan savolga ijobiy javob olishi lozimligi nazarda tutiladi.
U qanday huquqlar?
Fan tili bilan aytadigan boʻlsak, “siz sukut saqlashingiz mumkin”, “ushbu ishda bizga aytayotgan har bir soʻzingiz sudda oʻzingizga qarshi dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, “siz advokat xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz, agar foydalanish imkoniyatingiz boʻlmasa, davlat tomonidan sizga advokat beriladi”.
Darhaqiqat, tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qoʻlga olingan zahotiyoq, u qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini koʻrsatmoqda. Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolyapti. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qoʻllash lozim.
“Miranda” deyilishiga sabab nima?
1966 yil AQSHda Miranda ismli shaxs qoʻlga olinadi, gumonlanuvchi sifatida uning birlamchi huquqlari tushuntirib berilmaydi. Oʻshanda Amerikadagi shtat sudyasi Mirandaga nisbatan, aynan, yuqorida keltirilgan soʻzlar aytilmagani uchun uni sud zalidan ozod qiladi. Shu bois, “Miranda qoidasi” xalqaro jinoyat protsessual huquqida meʼyor sifatida muhrlanadi.
Bundan kelib chiqadiki, yangi tahrirdagi asosiy hujjatimizda “Miranda qoidasi” muhrlanishining fuqarolarimizga har qanday jarayonda, masalan, jamoat joylarda, koʻchada harakatlanadimi, turistik sayohatga chiqadimi, umuman, Oʻzbekistonda yashashi uchun har qanday sharoit taʼminlab berilishiga xizmat qiladi.
Mazkur qoida mazmunini Konstitutsiyamizning 27-moddasiga kiritilgan – “shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”, degan jumlalarda koʻrish mumkin.
Bir soʻz bilan aytganda, “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday gʻayriqonuniy harakatlar hamda taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini oladi.
Barqaror rivojlanish markazi nodavlat notijorat tashkiloti
Manbaa: OʻzA