Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi 2015 yilning 22 dekabrida 11 fevralni – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni sifatida nishonlashga oid rezolyusiya qabul qildi.
Unda eʼtirof etilishicha, barcha yoshdagi xotin- qizlarning ilm-fan sohalaridagi ishtiroki ularning xuquq va imkoniyatlarining kengaytirishga, zarur boʻlgan sharoitlarni yuzaga keltirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Shu bilan birga ushbu kun xotin — qizlar ilmiy-texnik hamjamiyatlarda hal qiluvchi va muhim oʻringa ega ekanlikligini ham ifodalaydi. Ularni taqdirlash, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish lozimligini eslatib ham turadi. Dunyo boʻylab ushbu sanani nishonlash tadbirlari YUNYeSKO tomonidan amalga oshiriladi.
Mavzu boʻyicha mamlakatimiz misolida soʻz yuritadigan boʻlsak, xotin- qizlar Oʻzbekiston aholisining 50,3 % tashkil qiladi. Yurtimizda maktabgacha, oʻrta, oʻrta –maxsus, oliy taʼlim tizimida xotin-qizlarning samarali taʼlim olish xuquqini toʻliq taʼminlash muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ayollar taʼlim, madaniyat va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli ulush qoʻshmoqdalar.
Oʻzbek olima ayollari ximiya, biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi va boshqa jabhalarda oʻzlarining kuchli intellektual salohiyatlarini namoyish etishgan va bu chet ellardagi koʻplab ilmiy markazlar tomonidan ham yuksak baholanadi.
Mamlakatimizda ilm-fan, taʼlim, sogʻlikni saqlash, sanʼat va madaniyat sohalarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning ulushi 72 foyizni tashkil qiladi. Bu esa, xotin-qizlarning iqtidorlarini namoyon etishlarida davlat va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi ahamiyatli va dolzarb ekanini anglatadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston ayollarining salmoqli qismi nodavlat notijorat tashkilotlarining taʼlim, ayollar huquqlari, reproduktiv salomatlik, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof-muhitni himoyalash kabi sohalarda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
GUJUM.UZ