AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova xodimlarning salomatligi va mehnatga layoqatini saqlab qolishga oid tavsiyalar berdi.
SAVOL: Maktab direktoriman. Pandemiya davrida xodimlarning salomatligi va mehnatga layoqatini saqlab qolishda ularga qanday tavsiyalar bera olaman?
JAVOB: Xodimlar oʻz imkoniyatlari chegaralarini va stressli vaziyatlarda oʻzlariga qanday yordam berishni bilishlari juda muhimdir. Quyida xodimlarning salomatligi va mehnatga layoqatini saqlab qolishda yordam beradigan tavsiyalar bilan tanishing.
Nafas olish mashqini bajarganda hech kim sizni bezovta qilmaydigan qulay joyni tanlang. 1. nafas olishda diqqatni jamlang. 2. chalgʻimaslikka harakat qiling, telefoningizni uzoqroqqa qoʻying. 3. burningiz orqali nafas olar ekansiz, har bir nafasni olishingiz davomiyligi beshga sanagunga qadar davom etsin va 4. besh soniya davomida sekin ogʻzingizdan nafas chiqaring. 3 va 4-mashqlarni kamida bir daqiqa davomida takrorlang.
Boshqa odamlar bilan suhbatlashish ham yaxshi. Mavjud sharoitda ijtimoiy masofani saqlash majburiy chora boʻlsa-da, siz telefoningiz yoki kompyuteringizdan foydalanib, oilangiz va doʻstlaringiz bilan muloqotda boʻlishingiz mumkin. Muntazam ravishda bir-biringizga qoʻngʻiroq qiling, bir-biringiz bilan nafaqat vaziyatingiz haqida, balki boshqa umumiy mavzular haqida ham suhbatlashib turishingiz uchun maʼlum vaqtni belgilang. Hamkasblar bilan suhbatlashing.
Uyqu rejimiga rioya qiling! Uyqu gigiyenasi qoidalariga koʻra, kuniga 7-8 soat uxlash tavsiya etiladi.
Xona nimqorongʻu va salqin boʻlishi kerak. Oxirgi ovqat yotishdan eng kamida ikki soat oldin tanovul qilingan boʻlishi kerak. Uyqudan bir soat oldin dush qabul qilish lozim va yotishdan oldin koʻp suv ichmaslik kerak.
Smartfoningiz bilan uxlamang! Buning oʻrniga sokinlashtiruvchi musiqa tinglang.
Boshqalardan oʻrganing! Yangi paydo boʻlgan muammolarni hal qilishning ijobiy misollarini payqashga va qabul qilishga harakat qiling. Bu sizga yaxshi kayfiyatni saqlashga, oʻzingizning samaradorligingizni oshirishga va ishlashda davom etishda yordam beradi. Hamma narsada ijobiy jihatlarni qidiring! Ehtimol atrofimizdagi narsalarni oʻzgartira olmasligimiz mumkin, lekin ichimizdagi narsalarga taʼsir qilishimiz mumkin.
Sanitariya va gigiyena koidalariga rioya qilishni ham unutmang!