Dunyoda kuzatilayotgan epidemiologik holat tibbiyot sohasi mutaxassislari, qolaversa, oddiy aholining ham xavotiriga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, oʻtgan yilning dekabr oyi dunyo olimlari uchun qiyin davr boʻldi. Bu paytda “COVID-19” infeksiyasining ikkinchi toʻlqini, ayrim davlatlarda esa uchinchi toʻlqini boshlandi. Shuningdek, oʻzining genetik shaklini oʻzgartirgan, juda tez yuquvchi va tarqaluvchi, ayniqsa yoshlarga koʻproq yuqadigan “COVID-19” virusining “britancha” shtammi paydo boʻldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mavzu yuzasidan vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev fikrlari bilan qiziqdi.
— 2019 yil oxirida Xitoyning Uxan shahrida yangi “COVID-19” virusi aniqlangan edi. Oʻtgan davr mobaynida butun dunyo olimlari uni tekshirish, aniqlash va davolash yoʻlida ilmiy izlanishlar olib bordi va bu ishlar hanuzgacha davom etmokda.
Ammo oʻtgan fursat ichida virus ham oʻzgarib, mutatsiyaga uchrab, yangidan yangi shakllarga oʻtib bordi. Ayni paytdagi virus avvalgisidan 20 ta jihati bilan ajralib turadi. “Britancha” shtamm ikki oy mobaynida 17 ta jihati oʻzgarib, tez mutatsiyaga uchramoqda. Shuningdek, u oʻta yuquvchan va yoshlarni ham zararlay olishi mumkun boʻlganligi bilan ham xavflidir.
Koronavirusning yangi B.1.1.7 shakli tez surʼatlarda tarqalishi bilan dunyo olimlari eʼtiborini tortdi va yangi shtamm tariqasida ifoda etildi.
Virus mutatsiyasini uzoq vaqt onkologik kasallikka chalingan va immunitetni bosuvchi dori vositalarni qabul kilgan inson organizmida uzoq muddat mutatsiyaga uchrashi natijasida yuzaga kelgani qayd etilmoqda.
Shu bois ham, yangi shtammni polimeraza zanjir reaksiyasi yordamida aniqlash mushkul ekanligi aytilmoqda. Sababi mutatsiyaga uchragan virus PZR tekshiruvidagi immun javobni aylanib oʻtishga qodirligi, uni toʻgʻri diagnostika qilish bir oz mushkul ekani bilan ham ajralib turadi.
“COVID-19” virusining B.1.1.7 shakli — “britancha” shtammi oʻz tarkibidagi ikkita aminokislotani yoʻqotib, organizmning immun javobi, yaʼni, antitanachalarini aylanib oʻtishga muvaffaq boʻladi. Bu esa virusni tez tarqalishiga imkon yaratayapti. Shu bois ham, yangicha shtammni keng tarqalib ketishining oldini olishimiz kerak. Buning uchun esa, karantin talab-qoidalariga soʻzsiz rioya qilishimiz zarurligi shubhasiz.