Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.
Unda aholi va ulgurji gaz isteʼmolchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash, 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, tabiiy gaz taʼminotidagi oʻzgarishlar, yangilanishlar, tizimdagi muammolar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Qabul qilingan reja va dasturga asosan 20,1 kilometr gaz quvurlari mukammal taʼmirlandi, 44,4 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, 38 ming 268 dona gaz taqsimlash punkti texnik taftishdan oʻtkazildi, 3345,2 kilometr gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinaldi va havo bosimi yordamida tozalandi, 3362,5 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati tekshirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari shu yilning 1 oktyabriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Oʻtgan yilning kuz-qish davrida 217 ming 563 xonadonda tabiiy gaz taʼminoti boʻyicha yuzaga kelgan muammolar bartaraf qilinib, ahvol yaxshilandi.
Gaz taqsimoti tizimidagi nuqsonlarni bartaraf etish, tabiiy gazni isteʼmolchilarga yetkazib berish jarayonidagi texnologik yoʻqotishlar hajmini kamaytirish bugungi kun talabidir. Zamonaviy gaz jihozlari va energiyatejamkor texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan gaz taqsimoti tizimiga yangi standartlar joriy etilmoqda. Jumladan, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, gaz taqsimotini 3 bosqichli tizimdan (yuqori, oʻrta, past) 2 bosqichli (yuqori, past) tizimga oʻtkazish boʻyicha amaliy ishlar olib borilyapti.
Dastlabki loyiha Toshkent viloyatining Qibray tumani U.Yusupov mahallasida amalga oshirildi. Mazkur mahallada mavjud 189 aholi xonadoni gaz taʼminoti boʻyicha 2 bosqichli tizimga oʻtkazildi.
Unga koʻra, yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti toʻliq modernizatsiya qilindi, xonadonlarga oʻrnatilgan zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini avtomatik nazorat qilish tizimi, har bir xonadonga zamonaviy gaz hisoblash uskunalari, xonadonlarga kirish qismiga maxsus temir qutilarda bosim sozlagichlar (regulyator) oʻrnatildi. Gaz sizib chiqishi va is gazini aniqlovchi signalizatorlar oʻrnatildi. Bu uskuna is gazi konsentratsiyasi meʼyoridan oshganda, tabiiy va suyultirilgan gaz sizib chiqqan hollarda gaz taʼminotini avtomatik oʻchirib, ovozli signal bilan ogohlantiradi.
Muloqotda tabiiy gaz eksportiga ham eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, “Oʻztransgaz” AJ tomonidan hozirgi kunda 5 yoʻnalish – Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Xitoyga eksport qilinmoqda.
Zamonaviy elektron gaz hisoblagichlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha “Artel” kompaniyasi bilan kelishuv olib borilmoqda. Kelgusida aholini zamonaviy elektron gaz hisoblagichlari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Gaz hisoblagichlari 3,4 million isteʼmolchiga “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining oʻz mablagʻlari hisobidan oʻrnatiladi. Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qamrab olinadi.