YANGI ShTAMM TARQALISHINING OLDINI OLISH UCHUN NIMA QILISH KERAK?

0
146
marta koʻrilgan.

“COVID-19” infeksiyasining genetik shaklini oʻzgartirgan, juda tez tarqaluvchi, ayniqsa, yoshlarga koʻproq yuquvchi “COVID-19” virusining “britancha” shtammi tarqalishining oldini olish uchun nima qilish kerak? Mavzu yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev fikrlari bilan tanishing.

— Britaniya va dunyo olimlarining berayotgan tavsiyalariga qaraganda, yangi shtamm tarqalishining oldini olishning yagona va tugʻri yuli — bu zararlangan bemorni yakkalash (izolyasiya) va ular bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni ham alohida nazoratga olishdir. Faqatgina shu yul bilan tez tarqaluvchi “britancha” shtammni tarqalish koʻrsatkichini kamaytirish mumkin.

Yodingizda boʻlsa, Xitoyning Uxan shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan soʻng oʻtgan yilning yoz oylarida uning “Ispaniya shtammi” ham paydo boʻldi. Bu shtamm ham juda tez tarqaluvchi tur, deya eʼtirof etilgan edi. Vaqt oʻtishi natijasida, bu shtamm tarqalishining sababi insonlar migratsiyasi ekani aniqlandi. Bu holat esa oddiy sanalgan karantin qoidalariga rioya kilish va tibbiy niqoblarni doimiy taqib yurish bilan bartaraf etildi.

Hozirgi kunda koʻcha-koʻyda, transport, bozor va doʻkonlarda fuqarolarimizning oʻta xotirjamligi, karantin talab-qoidalarini pisand qilmayotgani, oddiy himoya vositalarini taqmasligining guvohi boʻlayapmiz.

Toʻgʻri, Oʻzbekistonda ayni paytda epidemiologik barqaror vaziyat hukmronlik qilmoqda. Ammo bu koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfi butunlay tugadi, degani emas. Yuqorida aytilganidek, “COVID-19”ning B.1.1.7 shakli — “britancha” shtammini yengishning yagona yoʻli karantin qoidalariga amal qilishdir.

Ayni paytda mamlakatimizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilmoqda. Agar aholimiz mana shu yumshatilgan tartibga toʻliq rioya qilmasa, uning oqibatlari qatʼiy choralar koʻrilishiga sabab boʻlishi mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, barchasi oʻzimizga bogʻliq.

Muhimi, “COVID-19”ga qarshi vaksina yangi shtammda ham foyda berishi aniqlangan. Shu bois, ommaviy emlash bizning yurtimizda boshlanishiga qadar har bir fuqaro oʻz salomatligiga oʻzi masʼul boʻlib, tibbiy niqobdan muntazam foydalansa, karantin qoidalariga rioya qilsa, shubhasiz, biz dunyoning qator davlatlarida davom etayotgan bugungi epidemiologik nohush vaziyatdan saqlanib qolamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.