Koʻp qavatli uylardagi kvartiralarni birlamchi bozorda ipoteka krediti orqali sotib olish tartibi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishni istardik. Erkin Isomiddinov
Aholining keng qatlami, shu jumladan, yosh oilalar uchun qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditlari berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008 yil 12 iyulda 1835-son bilan roʻyxatga olingan va Markaziy bank Boshqaruvining 2008 yil 13 iyundagi 14/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.
Qoraqalpoqiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qoshida ishchi guruhi tashkil qilingan va ularining tavsiyalariga ega boʻlgan fuqaro ipoteka kreditini oladi; Ishchi guruhilari tomonidan uy-joyga muhtoj va toʻlovga qobiliyatli yosh oilalarni aniqlash va ularga tavsiyanomalar berish yuqoridagi Nizomda oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Dastlab ipoteka krediti oluvchi tomonidan bankda ochilgan maqsadli jamgʻarma omonat hisob varagʻiga koʻp qavatli uydagi kvartira qiymatining 25 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi boshlangʻich badal toʻlanadi.
Buning uchun yosh oila – doimiy ish joyiga hamda oʻz faoliyati natijasidan olinadigan daromadga yoki boshqa rasmiy daromad manbalariga ega boʻlgan har ikkalasi birinchi marta rasmiy nikohda boʻlgan, ipoteka krediti berishni soʻrab ariza bergan sanaga qadar har biri 30 yoshdan oshmagan yoshlar boʻlishi shart.
Ipotekali kreditlashni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan beriladigan kredit miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan oshmagan miqdorda belgilanadi.
Tijorat banklarining oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlari hisobidan beriladigan ipoteka krediti miqdori bankning ichki kredit siyosatidan kelib chiqqan holda bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida belgilanadi.
Yosh oilalarga, ipoteka krediti 15 yildan kam boʻlmagan muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan bankning oʻz mablagʻlari va Ipoteka krediti berishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari va boshqa jalb qilingan mablagʻlar hisobidan ajratiladi.
Ipoteka krediti berishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari boʻyicha yillik foiz stavkasi – yiliga koʻpi bilan 5 foiz miqdorida boʻladi.
Dastlabki badalning bir qismini yoki barcha summasini yosh oila aʼzolari (er yoki xotin)ning ish beruvchisi boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan pul oʻtkazish orqali ipoteka krediti oluvchi yosh oila aʼzosi nomiga ochilgan maqsadli jamgʻarma omonat hisob varagʻiga oʻtkazib berilishi mumkin.
Oysha Oxunova, huquqshunos