Yoshlar suhbati: Harakatda – barakat!

0
366
marta koʻrilgan.

Mirjalol Inoyatov «Ozod yurt toʻlqinlari» MCHJ muassisligidagi «Mening yurtim» telekanalining  kadrlar boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlaydi. Jurnalist Dilobar Asliddin qizining  suhbati orqali yoshlarning oʻy-xayollari, intilishlari bilan tanishish mumkin.

 – Navoiydagi tayin ishingizni tashlab poytaxtga kelgansiz? Toshkentga moslashish jarayonlari qiyin kechmadimi? 

– Inson vaqti-vaqti bilan muhitini oʻzgartirib turishi kerak. Agar bir muhitda turib qolsa, bir qobiqqa oʻralib qolsa, u rivojlanishdan, oʻsishdan toʻxtab qolishi mumkin, deb hisoblayman. Tabiatimda tavakkalchilik bor. Bu yaxshimi yomonmi bilmayman. Ammo, yangiliklarga oʻzgarishlarga intilib yashashni xush koʻraman.

Menga avval poytaxtdan koʻp takliflar boʻlgan. Biroq, daraxt bir joyda koʻkaradi, degan aqidaga amal qilib ishlab yuravergandim. Toshkentda endi ish boshlagan vaqtlarimda qiyinchiliklar boʻldi. Yangi shaharga moslashish, hamma qatori ijara muammosi… Bu yerda oilaviy yashashga sharoitim boʻlmagani uchun maʼlum vaqtgacha oilamni olib kelolmaganman. Jarayon uzoq davom etmadi. Oz fursat oʻtib, oilamni olib keldim. Dastlab, qoʻshimcha ish izlaganman, topilmagan. Hozir esa hammasi yaxshi. Hatto qoʻshimcha ishlarni vaqtim yetmay,  bajarishga imkon boʻlmay qolishidan qoʻrqib rad etaman. Vaʼda berib, bajarolmaslik, ishni chala qoldirishni yomon koʻraman. Ishim masʼuliyatli va qiziqarli, men har bir puxta qilingan hujjat ishlarimdan zavq olaman.

– Hech kim yoshligida biror bir tashkilotning  kadrdar boʻlimida ishlayman, deb orzu qilmaydi. Siz kim boʻlishni orzu qilgansiz?

 – Bolaligimda juda koʻp orzularim boʻlgan. Dastlab, yurist boʻlishni maqsad qilganman. Keyinchalik jarrohlikka qiziqdim. Kadrlar boʻlimida ishlashim tasodifan boʻlgan. Bu ham boʻlsa hamkasblar ishonchi sababli, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki kadrlar bilan ishlash boʻlimi bu tashkilotning yuragi, desak, yanglishmayman. Kasb odamning taqdiri, deb bekorga aytilmaydi. Navoiyda kadrlar boʻlimi mutaxassisi boʻlib tanildim. Haligacha meni avvaldan tanigan kishilar shu soha boʻyicha ishga chaqiradi.

Bu boʻlim faoliyati inson taqdiri bilan bogʻliq. Kasbdoshlarning ijtimoiy ahvolidan boxabar boʻlish, ularning muammolarini yechishga koʻmak berish kerak boʻladi. Chunki, kasbidan, ishidan koʻngli toʻq insonning kayfiyati yaxshi, sogʻligi mustahkam va   ishida unumi boʻladi. Tashkilotga ham uning ortidan manfaat keladi. Xodimlar bilan ishlash toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan joyda ish unumdorligi ortadi. Men ham har bir hamkasbimni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilaman. Ijodkorlar koʻngil odami boʻlishadi. Yolgʻondan, ikkiyuzlamachilikdan yiroq. Koʻngli ham shunga yarasha nozik. Ozgina eʼtibordan ham oʻzini baxtiyor sezadi. Men imkon qadar ularni qolipga solib qoʻymaslikni, kezi kelsa erkin va masʼuliyat bilan ishlashlariga koʻmaklashaman…

Kanalimizda tajribali mutaxassislar ishlaydi. Moddiy texnik zahiramiz boshqa xususiy kanallarnikidaqa zoʻr emas. Xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash ham ularchalik emas. Ammo jamoamiz ahil, bilim va intellektual salohiyati yuqori insonlar ishlaydi. Bizda doim mustaqil fikr va kutilmagan gʻoyalar qoʻllab quvvatlanadi.

– Media sohasini avvallari  qanday tasavvur etardingiz? Siz oʻylagandek ekanmi?

– Navoiy viloyati hokimiyatida ishlab yurgan vaqtlarimda media sohasida ishlab yurgan xodimlarning ishini bu qadar masʼuliyatli va qiyin deb bilmas, edim. Tayyor narsani oʻqiydi, tayyor narsani ommaga uzatadi, derdim. Yoʻq unday emas ekan. Televideniye bor narsani turli koʻrinishlarida xalqqa yetkazib berarkan. Ommani oʻz ortidan ergashtiradigan katta kuch manbai ekan. U shunchaki minbar emas, ommani ishontirish va jamiyatni rivojlantirishga masʼul sermazmun yoʻnalish ekan…

– Yoshlar orasida chetga ketishni, ishlashni, oʻqishni orzu qilayotganlari bor..

– Bu normal holat. Buni toʻgʻri tushunish kerak. Oʻqisin, dunyo koʻrsin, ishlasin, tajriba almashsin. Ammo oʻz tugʻilib oʻsgan yeriga foydasi tegsin. Men Koreyaga ketaman, deb til oʻrgangan, Germaniyaga ishlagani boraman, deb hujjatlar yiqqanman. Talabalik yillarimda taʼtil vaqtlari Rossiyaga borib ishlab  kelganman. Xullas, buni yomon tomoni yoʻq. Hozir ham Germaniyada ishlash niyatim  yoʻq emas. Bu oʻzim va jamiyat uchun foyda boʻlsa foydaki, ziyon emas.

– Navoiyda ishlab yurgan vaqtlaringizda Mirjalolni aslida qobiliyati yoʻq, Ortida bobolari turibdi deyishgan. Bu gaplar qanchalik toʻgʻri?

–Toʻgʻri, mening bobolarim mashhur va nufuzli insonlar boʻlgan. Bobom – Inoyat Abdullayev sobiq sovetlar davrida dʼyudo boʻyicha Oʻzbekiston  sport ustasi! Ikkinchi bobom – akademik Ravshan Rahmonov esa 21 yil Navoiy davlat pedagogika institutida rektor lavozimida ishlagan. Institutda oʻqigan va ishlagan kezlarimda nimagaki erishishgan boʻlsam, avvalo oʻz mehnatim bilan erishardim. Buni meni yaqindan taniganlar, kursdoshlarim va jamoadoshlarim juda yaxshi bilishadi.

Agar ortimda kimdir boʻlganida, turli joylarda rahbar lavozimlarida samarali ishlay olmasligim mumkin edi. Yoki birorta ishni eplay olmasligim mumkin edi. Yaqinlarim bobosini ishini davom ettiradi, degan maqsadda meni dastlab Navoiy davlat pedagogika instituga oʻqishga undashgan. Ammo pedagoglik mening qismatimga bitilmaganligini his qildim. Bobolarimdan menga “intilganga tole yor” va “harakatda barakat” degan xalq matali meros boʻlib qolgan…

 Dilobar Asliddin qizi suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.