2019 yil avgust oyida AQSH boʻylab safar qilganimda biz Pensilvaniya shtatiga kirib keldik, bu shtatdagi oʻziga xos odatlarga ega boʻlgan “Amish”lar jamiyati yoki qabilasi bilan tanishdik. Bu qabilaning odatlari oʻta oʻziga xos boʻlgani uchun sizlarni tanishtirishni hohladim. Bugungi sivilizatsiya davrida amishlarga oʻxshab yashaydigan odamlarni topib boʻlmaydi. Amishlarning oʻz odatlarini saqlab qolishlari meni juda hayratga soldi.
Amishlar – xristian diniga mansub xalq. Yakob Amman ismli ruhoniy ularning yetakchisi boʻlib, XVII asrda (asli kelib chiqishi shveysariyalik) Germaniyada yashashgan. Bu yerda ularning hayotiga aralashishlar koʻp boʻlgani tufayli ular AQSHga kelib qolishgan. Bugun AQSHning 20 ta shatatida amishlar oʻz qabilasi bilan yashab kelishadi. Bugungi kunda AQSH hududida 10 mingdan ortiq amishlar elektrdan, telefondan, texnikadan va mineral oʻgʻitlardan foydalanmay yashab kelishdi. Bu millat asosan qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanib asosan otlar va omochlar orqali yerlarga ishlov berishadi.
Amishlar qayerda yashamasin, siz ularni tezgina ajratib olasiz, ularning kiyimlar bir xil boʻladi, ayollarning sochlari ham bir xilda turmaklanadi va kiyinishlari va yashash tarzlari judayam oddiy, shuning uchun ham ular oʻzlarni oddiy insonlar deb atashadi.
Ayollarning koʻylaklari koʻpincha havorang bir xil havorang matodan tikiladi, ular koʻylak ustidan aldikcha taqishadi, koʻylaklarining bichimi keyingi ikki yuz yilda oʻzgarmagan. Taqinchoq taqishmaydi, atr-upalardan ham foydalanishmaydi. Boshlariga kiygan qalpoqchalariga qarab turmushga chiqqan chiqmaganlarini ajratib olish mumkin. Eri bor ayollarning qalpoqchalari yurak shaklida boʻladi. Erkaklari keng shim kiyishib, katta enli kamar taqishadi, kiyimlarida tugmalariyam katta boʻladi. Erkaklari katta poxol yoki keng shlyapa kiyadilar. Uylangan amishlar soqol qoʻyishlari mumkin, ular muylov quyish man qilingan. Amishlar armiyada xizmat qilmaydilar va urushlarga qatnashmaydilar.
Amishlarda turmush qurganlaridan soʻng ajrashish boʻlmaydi, lekin yigitlar qizlar bilan erkin gaplashib yurishadi. Kech boʻlganda amish ayollari koʻchaga chiqmaydilar, buni yomon holat deb hisoblashadilar.
Amishlar bayramlarda shlyapani oʻng tomonga kiyishadi, chap tomonga kiyilsa uylanishi lozim boʻlgan yigit boʻladi. Shimlarni tortib koʻtarib qoʻyishadi. Yana eng qizigʻi ularda yettita bola boʻlshi shart, shuning uchun ham ular dunyoda eng tez koʻpayotgan xalqlardan biridir. 1920 yilda amishlar jaʼmi 5000 boʻlsa, 2011 yilga kelib ularning soni 261150 nafarni tashkil qildi. Amishlar barcha ishlarni qoʻl mehnati orqali bajaradilar, oddiy qishloq hayoti ularni qoniqtiradi. Zamonaviy texnika va texnologiyalarni hohlashmaydi. Ular oʻzlari mashina sotib olmaydilar va rulni boshqarmaydilar. Mashinali hayotni juda oson hayot deb bilishadi.
Ular uzoqroq joyga borishadigan boʻlishsa eski furgonlarda oʻtirishadi. Uy roʻzgʻor ishlarida, dalaga borishda velosiped yoki samokatlardan foydalanishadi. Biz amishlar qishlogʻida yurganimizda koʻchada samokat uchirib ketayotgan qizlar, ayollar va erkaklarni uchratdik. Boshqa olis shtatlarga borishganida ular taksi xizmatidan foydalanishadi.
Yana shunisi qiziqki ular oʻz uylarida elektr chirogʻi yoqishmaydi, fonar va gaz lampalari boʻlishi mumkin, kech tushgandan soʻng ovqatlanishib uyda oʻtirishadi yoki bir joyda toʻplanadilar. Rasmga tushmaydilar samolyotlarda uchmaydilar, uylarida radio, televizor, kompyuter boʻlmaydi, qoʻllariga soat va uylanganlarida nikoh uzuklari ham taqishmaydi.
Elektr vositalari va mobil telefonlari maboda batareyka bilan ishlasa ulardan foydalanishadi. Amishlarning bolalari maktabda a oʻqiydi, bir xonada qizlar va oʻgʻil bolalar birga oʻtirishadi, ularda taʼlim sakkiz yil boʻlib, qishloq xoʻjaligida zarur boʻlgan narsalarni oʻqishadi, maktabda yaqinda oʻzi bitirgan hali turmushga chiqmagan qizlar oʻqituvchilik qilishadi.
Amishlar asosan fermer boʻlishadi, shuning uchun botanika, zoologiya, arifmetika, ingliz va nemis tillarini oʻrganadilar.
Ular fermerlik hayotiga shu narsalar yetarli deb hisoblashadi. Sakkizinchi sinfni bitirganlaridan soʻng ularga tanlash huquqi beriladi, endi ular amish boʻlib qoladimi yoki sivilizatsiya oqimiga oʻralashadimi, shuning uchun koʻp oʻylab ular bir qarorga kelishlari kerak. Baʼzi amish bolalari zamonaviy hayotni tanlab ketishlariga ruxsat beriladi.
Amishlarda oila juda muqaddas hioblanadi va halollik qadrlanadi. Ular bir birini qoʻllab-quvvatlab yashaydilar, yordam beradilar, masalan, kimki uy qurmoqchi boʻlsa, birgalashib hashar yoʻli bilan qurib tashlaydilar. Baʼzan bu ishlarni bir kunda bajarishlari mumkin boʻladi, chunki yuztagacha odam toʻplanadi, bu vaqtda ayollar ovqat tayyorlaydilar. Ular ahillikda yashashni hamma narsadan ustun koʻruvchi kishilardir.
Dilorom YORMATOVA, professor