AQSHlik vatandoshimiz – “GMFR Global” kompaniyasi prezidenti Dilovar Gʻulom va uning hamkorlari bilan olib borilgan muloqotlar natijasida Jizzax viloyatida yangi turizm marshruti “Bibixonim qoʻrgʻonlari” tematik parkini barpo etish loyihasiga start berildi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
Amerikalik vatandoshimiz bilan olib borilgan ishlarning ilk natijasi sifatida joriy yilning 4 iyun kuni Jizzax viloyatida yangi turizm marshruti “Bibixonim qoʻrgʻonlari” tematik parkini barpo etish loyihasiga start berildi. Mazkur loyihaning maqsadi – XIV asrga oid Bibixonim (Saroymulkxonim) qalʼasini va Sarbozor karvonsaroyini turistik marshrutga aylantirish, tarixiy yodgorliklar topilgan ashyolar asosida “Yangi Xonimqoʻrgʻon muzeyi”ni tashkil qilish hamda qator turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo qilishdan iborat.
Bundan tashqari, tashrif davomida Jizzax viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va mahalliy davlat organlari vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Unda Jizzax viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, turizm infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish, shuningdek boshqa sohalardagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi atrofida dam olish maskanlari hamda Sh.Rashidov tumanida mehmonxona va dam olish majmuasini barpo etish kabi loyihalar koʻrib chiqilib, mazkur loyihalarga xorijiy investitsiya kiritish belgilab olindi.
Qayd etish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan xorijdagi vatandoshlarni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yanada faol jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
– Oʻzbekiston — mening Vatanim, Ona yurtimga ilk marotaba tashrif buyurdim va oʻzgacha tuygʻuni his etdim. Vatanim oldida koʻplab ishlar qilishim kerakligini anglagan holda bir qator loyihalarga oʻz sarmoyalarimni kiritmoqdaman. Oʻylaymanki, bu kabi loyihalar yaqin kelajakda xalqimiz turmush darajasini oshirishga, turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuni alohida taʼkidlashim lozimki, biz xorijda yashayotgan men kabi vatandoshlar bilan birgalikda Oʻzbekistonni yanada taraqqiy yettirishga bel bogʻlaganmiz, – deydi AQSHlik vatandoshimiz – GMFR Global kompaniyasi prezidenti Dilovar Gʻulom.