“Baday-toʻqay” qoʻriqxonasini bilasizmi? U Oʻzbekiston toʻqayzorlarining 74 foizini tashkil qiladi!

0
3523
marta koʻrilgan.

“Baday-toʻqay” qoʻriqxonasi Markaziy Osiyo toʻqaylarining 20 foizi, Oʻzbekiston toʻqayzorlarining 74 foizini tashkil qiladi! Nafaqat bogʻlaru gulzorlar, balki toʻqay va dashtlar ham oʻziga xos goʻzal manzara kasb etadi. Ular ona tabiatning durdonasi!

Vatanning beqiyos kengliklarida ayniqsa, quyoshning chiqishi va botishini kuzatish imkoniyati borligi huzur bagʻishlaydi! Toʻkilgan barglarni gʻichir-gʻichir bosgancha toʻrangʻilzor oralab borarkanmiz, havoning musaffoligini,  asliyatning betarorligini, eng asosiysi tabiat bilan uygʻunligimizni his qilamiz. Bu yerga kelgunimizcha bizga rezervat  Markaziy Osiyo toʻqaylarining 20 foizi, Oʻzbekistondagi barcha toʻqayzorlarning 74 foizini tashkil qilishi, keyingi yuz yilda birgina Qoraqalpogʻistonda toʻqayning umumiy maydoni 90 foizga qisqargani  haqida aytishgandi.

Shunda bolaligimizda qishloqlarimizda ham toʻrangʻillar koʻp boʻlganligi haqida esladim. Davra suhbatida mutaxassislardan biri «Ilgarilari toʻrangʻil urugʻi uchib  daryoning narigi sohillariga ham borardi, u qayerga tushsa koʻkarib ketaverardi, hozir  suvsizlik oqibatida toʻrangʻillar ham aziyat chekyapti» degani xayolimda takrorlandi. Hamkasblarimiz ish bilan mashgʻul. Kim shovullayotgan daraxtlarni,  kim daryo qirgʻoqlarini suratga olyapti. Boshqalar ikki soat davom etgan davra suhbatidagi maʼlumotlarga  qoniqmay, mutaxassislarni savolga tutyapti. Bugʻu yoki tulki oʻtib qolsa, hammaning diqqati ularga qaratiladi.

Goʻzal manzara va muammolarni aralashtirmaslik maqsadida hech narsa haqida oʻylamay faqat tabiatdan bahra olishga harakat qildim. Biroq…

Rezervat haqida. Toʻqaylar tabiiy ozuqa zaxirasiga boy boʻlganligi sababli  yovvoyi hayvonlar uchun  makon sanalgan.  Maʼlumotlarga qaraganda , hozirgi  vaqtda Quyi Amudaryo hududida toʻqay oʻsimliklarining 61 turi  hisobga  olingan.  Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 avgustdagi qaroriga muvofiq, “Baday-toʻqay” qoʻriqxonasi negizida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etilgani tabiatni asrash, ekologik muvozanatni barqarorlashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Rezervat Beruniy hamda Amudaryo tumanlari hududida joylashgan boʻlib, jami 68 ming 717 gektarni tashkil etadi.  Shundan 11568,3 gektari qoʻriqxona, 6731,4 gektari bufer, 50418,1 gektari oraliq hudud sanaladi.   Qushlarning 116, sut emizuvchilarning 22 turi roʻyxatga olingan.  Hasharotlarning esa mingdan ziyod turlari makon tutishgan. Bu yerda Oʻzbekiston “Qizil kitobi” qahramonlaridan bir qanchasini uchratish mumkin.

Maʼlumot oʻrnida  shuni ham qayd qilish joizki, dunyodagi 120 mamlakatda 669 ta biosfera rezervatlari tashkil etilgan.  Quyi  Amudaryo  davlat  biosfera  rezervati  Oʻzbekistonda  bunday toifadagi dastlabki muhofaza qilinadigan hudud hisoblanadi. Darvoqe,  biosfera  rezervati  deganda  biologik xilma-xillikni  saqlashni  va  bir  vaqtda  mintaqaning  barqaror  iqtisodiy rivojlanishi  tushuniladi.  Ular  ayni tabiat resurslarini saqlab qolish va ulardan barqaror foydalanish uchun barpo etiladi. 

Bugungi kunda rezervatda 32 nafar xodim faoliyat olib boradi. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining “Amudaryoning kuyi oqimida ekotizimni saqlash va yerdan foydalanishga ekotizimli yondashish” loyihasi doirasida faoliyatni takomillashtirish, hududni rivojlantirish yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda. Ilmiy boʻlim mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalari bilan hamkorlikda Buxoro bugʻularining populyasiyasi, biosfera rezervati entemofaunasi, hududdagi oʻsimliklarning monitoringi boʻyicha ilmiy ishlar olib bormoqda.

BUXORO BUGʻULARI NAJOT KUTMOQDA.

 1976 yilda bu yerga  uchta Buxoro bugʻusi keltirilib, 8 gektarlik volyer hudud tashkil qilingan. 1978 yilda yana 9 bosh keltirilgan. 1982 yilda  erkin hududga qoʻyib yuborilgan paytda ularning soni 32 bosh edi.  Mutaxassislar tomonidan xongullarning emin-erkin yashashlari, koʻpayishlari uchun barcha  zarur choralar koʻrilgan. Hozirda ular 1000 boshga yetib qolgan.

Bundan yuz yil avval Qoraqalpogʻistonda toʻqaylar koʻpligi kabi Buxoro bugʻulari ham sanoqsiz boʻlgan. Oʻtgan asrning 40-50- yillarida bugʻularning goʻshti va terisidan keng foydalanilgan. 60-yillarga borib, xongullar butunlay koʻrinmay qolgan.

Hozirda  Buxoro bugʻusini saqlab qolish, koʻpaytirish, zarar yetkazmaslik borasida  hududda yashovchi aholi,  fermerlar oʻrtasida koʻplab tushuntirish ishlarini olib borishga toʻgʻri kelmoqda. Qolaversa, bu borada oliyhimmat insonlar, tadbirkorlar koʻmagiga ehtiyoj bor.

-Bu yerlar 300-350 bosh bugʻu uchun moʻljallangan.  Shu bois xongullarni   “Nazarxon” uchastkasiga koʻchirishni boshlashimiz kerak, – deydi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Aqilbek Toreev. – Ustiga ustak,  suv taqchilligi  qoʻriqxonalar hududida oʻsimliklar kamayishiga sabab boʻlmoqda. Toʻqayni nasos yordamida sugʻorish zarurati bor. Bularning barchasi mablagʻ talab qiladi. Ona tabiatga, oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan sarmoyadorlar koʻmagiga muhtojmiz.

Jampiq qalʼada

Darvoqe, rezervat muhofaza etiladigan uchta hududni –«Baday-Toʻqay», «Jumirtogʻ» va «Nazarxon» qoʻriqlanuvchi zonalarini oʻz ichiga oladi.
«Baday-toʻqay» qoʻriqlanadigan hududi yonida  Jampiq  qalʼa tarixiy tepaligi bor. Manbalarda qayd qilinishicha, toʻqqizinchi-oʻninchi asrlarga taalluqli  ushbu qalʼaning  maksimal  uzunligi  420  m,  eni  288  m  ga  teng. Devorlari  9  m  balandlikda  loy  paxsadan  iborat.  Devorning  ustidan  oʻq  yoy tarzli  galereya  oʻtgan  (96  m  enlikda).  Devorning  ayrim  joylari  tosh  parchalari  bilan  qayta  ishlangan.  Sharqiy tomonida  paxsa  devorlarining  toʻgʻri  burchakli  shakldagi  sitadel  saqlangan. Devorlar yopiq ustunlar bilan bezatilgan boʻlib, bu eski qalʼa  oʻrta asrlarda port shahar boʻlgan.

 Amudaryoning  oʻng  tomonida  Qoʻyanchiq  tepaligida joylashgan  qalʼa  va  qoʻriqxona  hududi  orasidan  Koʻkdaryo  kanali  oqib  oʻtadi.

Yaqinda qalʼa yonida yurtalar tashkil qilindi. Sayyohlarni jalb qilish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Biroq, Jampiq qalʼaga olib boruvchi yoʻlning talabga javob bermasligi, qulay infratuzilma sharoitlarining yoʻqligi, maʼlumotlar kamligi  natijasida ot va tuyada sayr qilib, ona tabiat goʻzalligidan bahra olish istagidagi hamyurtlarimiz ham, xorijlik sayyohlar ham barmoq bilan sanarli.

Bu yerda oʻtmish va bugun, kelajak haqidagi oʻylar kishini chulgʻab oladi. Zamon silsilalarini yengish uchun qanchalik matonat va chidam zarurligini anglaysan. Qolaversa, ajdodlar zakosiga yana bir karra tan berasan. Ular qoldirgan merosni uvol qilmaslik, samarali foydalanish va kelajakka yetkazish haqida oʻylaysan.  Katta yoʻlda Jampiq qalʼaga borish koʻrsatkichi yoʻq, hech boʻlmasa qalʼaning bir chetiga uning nomini yozib qoʻyishsa, imkoni boʻlsa uning tarixi haqida maʼlumotlar qayd qilinsa degan fikr ham xayolingdan joy oladi.

Mediaturdan maqsad nima? Yohud tabiat bilan uygʻunligimizni qanchalik his qilyapmiz?

 Biz ushbu taassurot va maʼlumotlarga Germaniya Hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida “Ekotizimlarni saqlash maqsadida jamiyatning ekologik madaniyatini oshirishda OAV roli” loyihasi doirasida Qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga tashkil qilingan mediatur davomida ega boʻldik.  Sal avval bunday media tur respublika OAV vakillari uchun ham uyushtirilgan edi. Tashkilotchilar hududga qayta-qayta OAV vakillarini jalb qilishidan maqsad Amudaryo davlat biosfera rezervati  bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, hudud ekologik holatini barqaror saqlash, ekoturistik salohiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berish va bunga monelik qilayotgan ayrim muammolarni bartaraf qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Hozirda Amudaryo davlat biosfera rezervatini YUNYeSKO biosfera rezervatlari umumjahon tarmogʻiga kiritish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, «Amudaryo quyi oqimlarida ekotizimga asoslangan yerdan foydalanish va ekotizimni saqlash» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar diqqatga sazovor.

–2018 yil yanvar oyida boshlangan mazkur dastur  2020 yil  iyun oyiga qadar davom etishi belgilangan. Maqsadimiz  ekotizimga asoslangan yerdan foydalanishni ishlab chiqish va qoʻllash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha hududiy muzokaralarni  qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, toʻqay oʻrmonlari ekotizimlarini saqlash va qayta tiklash boʻyicha jarayonlarni rejalashtirish va amalga oshirishdir, – deydi Germaniya Hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning loyiha boʻyicha maslahatchisi Muhabbat Kamolova.

Media tur davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mutasaddilari, biosfera rezervati ilmiy xodimlari toʻqaylardagi oʻsimlik va hayvonot dunyosi turlarini, shu jumladan kam uchraydigan va yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi turlarini, hududga mos boshqa tabiat obyeklarini saqlab qolish, qayta tiklash, ekologik holatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdilar. Mutasaddilar ishtirokidagi davra suhbati qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi. Ekosayyohlikni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan omillar, suv taqchilligi muammosining hududga taʼsiri, ustiga ustak rezervatning shundoq roʻparasida faoliyat koʻrsatayotgan sement zavodidan chiqayotgan tutunning tabiatga keltirayotgan zarari va boshqa masalalar keng muhokama qilindi.

Hududdan oqib oʻtuvchi suvsiz kanalda bundan oʻttiz yil avval qayiqda suzganlarimiz yodimga tushdi. Har tugul, mutasaddilar, yoz oylari unda suv boʻlishini aytib, koʻnglimni koʻtarishdi.

Oʻylaymizki, ushbu bahsli fikrlar bardavomligi taʼminlanadi va mamlakatimizning birinchi biosfera rezervati oʻz faoliyati bilan ham birinchilikka erishishi, YUNYeSKO  biosfera rezervatlari umumjahon tarmogʻiga kirishi uchun mutasaddilar va keng jamoatchilik bor imkoniyatlarini ishga soladi. Zero, ona tabiat uchun faqat bir guruh shaxslar emas, barchamiz masʼulmiz va u hammamizdan mehr kutadi.

Muhabbat TOʻRABOYEVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.