Buyuk alloma Beruniyning xoki Afgʻonistonning Gʻazna shahridan olib kelinganligi va tugʻilgan yurti – qadimiy Kat qaʼlasiga qoʻyilganligini Xalqaro Bobur fondi rahbari Zokirjon Mashrabovdan Andijonga borganimda eshitib, ziyorat qilishni niyat qilgan edim. Xorazmga har safar kelganimda imkoniyat topa olmasdim. Shu safar barcha ishlarimni yigʻishtirib qoʻydimda ziyoratga otlandim.
Beruniy tumani bilan Urganch shahrini Amudaryoga qurilgan koʻprik ajratib turadi. Koʻprikdan oʻtib ikki — uch kilometr yursangiz “Beruniy bogʻi va muzeyi” degan peshtaxtali arkaga koʻzingiz tushadi.
Bogʻ saranjom-sarishta, supirib-sidirilgan. Allomaga oʻrnatilgan yodgorlik ham darrov koʻzga tashlanadi. Atrofida doʻrangʻi, archa, gujum va turli xil baland — baland daraxtlar gurkirab oʻsib turibdi. Oppoq ustunlar bilan oʻralgan arkali qabrning ikki chekkasidagi bugʻdoyzorlar shamolda shaldirab atrofga orom bagʻishlab, alloma bilan birga yurtga qut-baraka, nur ulashayotgandek tuyuladi, koʻrgan koʻz quvnaydi.
Uzoqroqdan taralayotgan anvoyi raʼnogullarning oʻtkir hidi dumoqqa uriladi. Goʻzal va sokin maskanni koʻrib, alloma orom olib yotgandek toʻygʻu koʻnglimdan kechdi. Biroq, qabr atrofda oʻtirib tilovat qilishga biror supa yoki skameyka topmadik. Sagʻana qoshida choʻkka tushib tilovat qildik. Ruhlari elimizdan shod boʻlishini Ollohdan soʻradik.
Yodgorlik toshini oʻqib hayratlandik. Unda imloviy xatolar ham mavjud edi. “Buyuk alloma, qomusiy bilimlar sohibi, vatandoshimiz Abu Rayxon Muxammad ibn Axmad al Beruniy hazratlari xoki Afgʻonistonning Gʻazna shahridagi qabridan Xalqaro Bobur fondi yordamida olib kelinib, 1997 yil 1 dekabr sanasida qadim Kat qalasi hududidagi ushbu tabarruk markadga dafn etilgan. 04.09.973 — 11.12.1048.
Shunday buyuk alloma porloq xotirasiga oʻrnatilgan qabr toshi ham xatolar bilan yoziladimi? Qomusiy bilimlar sohibi tugʻilgan yurtda biror oʻqimishli kishi yoʻqmi? Bu oʻta befarqlikni qanday izohlash mumkin?
Taklif. Allomaning qabr toshini oʻziga munosib tarzda qayta uch tilda – oʻzbekcha, ruscha, inglizcha yozish va oʻzbekcha matnning imlo xatolarini toʻgʻrilash lozim. Qolaversa allomaning oʻzi ijod qilgan arab va fors tillaridagi bitiklar ham boʻlsa, besh til olimning jahongashta asarlarini oʻzida ifodalagan boʻlardi.
Undan keyin arkada yozilgan muzeyni izladik. Biroq hech qaydan topmadik. Qarovsiz chala tashlab ketilgan binoni koʻrdik, xalos.
Shu payt yonimizga bir yigit kelib salom berdi. U Beruniy bogʻi joylashgan Qiyot qishlogʻi militsiya tayanch punkti rahbarining oʻrinbosari Sanjar Jabborov ekan. Sanjar tilavot qilayotganimizni koʻrib qoʻshilish uchun kelgan ekan. Kasbi taqozasi bilan har kuni bogʻni 2-3 marta aylanar, bu kimsasiz maskan bezorilarga makon boʻlmasligini nazorat qilarkan.
Undan koʻra bu yerni ziyoratchilar qadimi uzilmaydigan, gavjum turistik maskanga aylantirish afzal emasmi! Allomani butun jahon tan olib ulugʻlaydi, koʻplab mamlakatlarda, turli tillarda hazrat haqida qator-qator ilmiy — badiiy asarlar yozilgan. Qomusiy olimning oʻzi yozgan asarlarichi! Birgina yer shari xaritasini yaratib ketganining oʻzi dunyolarga teng. Bular bari tarix, bugungi kun uchun ulugʻvor muzey!
Qoraqalpoqiston respublikasining Beruniy tumanidagi bu goʻzal maskanga eʼtibor kerak. Ushbu bogʻ-u rogʻ qoʻynida bunyod qilinayotgan tashlandiq muzey binosining qurilishi oxiriga yetkazilsa bu yerda oʻz-oʻzidan erkin sayyohlik hududi paydo boʻladi.
Mana bitta misol: Beruniy qabridan boshqa hech narsa yoʻq ushbu bogʻda hamrohim — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova xorazmlik shoir va yozuvchi Qurbon Muhammadrizoning Abu Rayxon Beruniyga bagʻishlab yozgan kitobining taqdimotini ushbu maskanda alloma nomidagi bogʻda oʻtkazishni rejalashtirib oldi.
Nahotki kredit olib ushbu muzey qurilishini oxiriga yetkaza oladigan mardu maydon boʻlmasa!? Hafsala va biroz eʼtibor kerak, xalos.
Ushbu hududda koʻrganlarimdan xulosa chiqarib, ichki turizmni yuksaltirishga munosib hissa qoʻshadigan yana bir taklif aytgim keldi.
Ushbu hudud geografik joylashuvi (Amudaryo boʻyida), tabiati (yon-atrofi quyuq toʻqayzor), iqlimining oʻziga xosligi, tashrif buyuruvchi turistlar sonini oshirishi mumkin.
Kelajakda hududning tabiiy jozibasini buzmagan holda mavjud yer maydonlaridan, toʻqayzorlardan optimal foydalanib, qator zamonaviy koʻrinishda dam olish maskanlari, Amudaryo qirgʻoqlarida choʻmilish majmualari barpo etib, suv sporti turlarini va ekstremal sport turlari bilan shugʻullanadigan maskanlar yaratishni, daryo va toʻqaylar ustidan zamonaviy kabinali kanat yoʻllari oʻtkazishni taklif qilgan boʻlardim. Sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi infratuzilma obyektlarini joylashtirish orqali aholining mehnat bilan bandligi ham taʼminlangan boʻlardi.
Eng muhimi, sayyohlik majmualari yoʻlga qoʻyilsa, xizmatlarning sifat darajasi jahon standartlari talablariga toʻliq javob bersa, bu yerga jahondan turistlar oqib keladi. Mamlakatimiz tarixi, buyuk allomalarimizni tanishtirish orqali ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga, munosib hissa qoʻshgan boʻlardik.
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist