Chorvoq erkin turistik zonasi Fransiya kompaniyalari tomonidan loyihalashtiriladi

0
954
marta koʻrilgan.

Fransiya kompaniyalari konsorsiumi aʼzolari Toshkent viloyati rahbariyati bilan uchrashib, «Chorvoq» erkin turistik zonasining bosh rejasi boʻyicha ishlab chiqilgan hujjatlarni taqdim etishdi. Ushbu hujjatlar asosan uch yoʻnalish -“Beldirsoy”, “Chimyon ” hamda “Nanay” loyihalaridan iborat boʻladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) «Chorvoq» erkin turistik zonasining batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqishga qaratilgan 750 ming yevro grant mablagʻi taqdim etganidan soʻng, 2018 yilning 21 noyabrida Fransiyaning “Geode” kompaniyasi boshchiligida, “Orex Loisirs”, “Patriarch”, “Epode” va “DA Management” kompaniyalari «Chorvoq» ETZning Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarini oʻrganish, batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqish yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishuv imzolagan edi.

Fransiyalik mutaxassislardan iborat ishchi guruhi “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida oʻrganish ishlarini olib borish va muzokaralar oʻtkazish yuzasidan bir necha bor tashrif buyurgandi..

Tashrif davrida mutaxassislar Chimyon, Beldirsoy, Chorvoq va Nanay hududlarining geografik joylashuvi, tabiati, tuproq qatlamlari, iqlimining oʻziga xosligi, tashrif buyuruvchi turistlar soni bilan bogʻliq maʼlumotlarni batafsil oʻrganib borishdi. Mazkur jarayonda Fransiya kompaniyalari konsorsiumi aʼzolari Boʻstonliq tuman Kadastr boʻlimi, Obodonlashtirish boʻlimi, “Toza hudud” boʻlimi, Burchmullo oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari va “Chorvoq suv ombori” tashkilotlari bilan muzokaralar olib borishdi.

Xorijlik mutaxassislar tomonidan erkin turistik zona hududini rivojlantirish bilan bogʻliq bir qator shaharsozlik va xizmat koʻrsatish loyihalarining konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi.

Fransiyalik mutaxassislar taqdimotda Chimyon dam olish oromgohi hududida avtomobil yoʻlini tonnel koʻrinishiga keltirib, ustki qismida bir qator turistik obyektlar va turistlarga xizmat koʻrsatuvchi infratuzilma obyektlarini joylashtirish, mavjud kanat yoʻllari oʻrniga yangi, zamonaviy kabinali kanat yoʻllarini qurish takliflarini bildirdi.. Bundan asosiy maqsad Chimyon hududining tabiiy jozibasini buzmagan holda yer maydonlaridan optimal foydalanishdan iborat.

Shuningdek, fransuz mutaxassislari tomonidan erkin turistik zonasining Beldirsoy hududida mavjud “Beldirsoy” dam olish maskani va qurilayotgan “Amirsoy” togʻ-changʻi kurort zonasi oraligʻiga zamonaviy koʻrinishda dam olish maskanlari majmualarini joylashtirish orqali hududda yana qoʻshimcha changʻi uchish, kanat yoʻllarini qurish takliflari bildirildi.

Nanay hududida esa Chorvoq suv ombori qirgʻoqlaridan optimal foydalangan holda plyajlar barpo etib, suv sporti turlarini va ekstremal sport turlarini yaratish taklif etildi.

Ahamiyatlisi, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Chorvoq erkin turistik zonasida turizmning mutlaqo yangi va zamonaviy turlari rivojlantiriladi. Eng muhimi, mazkur xizmatlarning sifat darajasi jahon standartlari talablariga toʻliq javob beradi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.