“Toronto Star» nashrining yozishicha oʻzining oʻn sakkizinchi tavallud ayyomi munosabati bilan kanadalik Sharli Lagard umrida birinchi marta lahzalik yutuqli chipta sotib oladi. U lotereyaning ustki qavatini oʻchirib qarasaki, yutuq summasi turibdi: Bir million dollar.
Tashkilotchilar Sharliga yutuqni ikki yoʻl bilan olishi mumkinligi bildirishadi. Yaʼni u million dollarni biryoʻla qoʻlga kiritishi yoki haftasiga ming dollardan umrbod nafaqa olib turishi mumkin ekan.
Qaror qabul qilishda ikkilangan Sharli moliyaviy maslahatchiga murojaat qilgan. Mutaxassis unga ikkinchi yoʻlni tanlashni maslahat bergan. Buning sababi esa haftasiga ming dollardan olinadigan nafaqa soliqqa tortilmas ekan. Ana shu imtiyoz evaziga bir yilda nafaqaning miqdori soliq ushlab qolingan 100 ming dollar atrofidagi yillik maoshga teng boʻlar emish.
Sharli maslahatni qabul qildi. Endi u har hafta oladigan nafaqasini sayyohat qilishga va fotografiya sirlarini oʻrganishga sarflamoqchi.