Kavkaz togʻlarida “Oʻzbekiston” sanatoriysi

0
759
marta koʻrilgan.

Oromgohlar shahri Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sanatoriysi millatimizning mashhur sarkardalari Jaloliddin Manguberdi va Amur Temur bobolarimizning qadamlari yetgan togʻlar bagʻrida joylashgan. Sanatoriyga keluvchilarni “Xush kelibsiz, aziz mehmonlar”, deya oʻzbekona mulozamat bilan aeroportning oʻzidayoq  kutib olishadi. Har qadamingizda, har damingizda sanatoriy xodimlarining mehribonligini his qilasiz.

 Kavkaz togʻ tizmalari  adrlarida yastangan Quyoshli oʻlka-Kislovodsk   Rossiyadagi eng mashhur kurort shaharlardan biri boʻlib, dengiz sathidan 800 metr balandlikda joylashgan. Kislovodsk quyoshli va musaffo havosi, maftunkor tabiati bilan ajralib turadi. Narzan mineral suvlari shifobaxshligi bilan qadimdan butun dunyoga mashhur.

Inson qalb qoʻri va qadoq qoʻli, qaynoq mehri, nozik didi  bilan yaratilgan deyarli shahar bilan teng maydonni egallagan moʻjizakor park goʻzal manzaralari, sogʻlamlashtirish yoʻlaklari bilan dillarga huzur va orom bagʻishlaydi. Zero, tabiat oʻz quyoshi bilan, inson tafakkuri, ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi.

“Oʻzbekiston” sihatgohi oʻrmon-parkning xushmanzara joyida bunyod etilgan. Havosi rohatijon, yam-yashil archalar hidi ayvon orqali xonalarga ufurib, dilga xushkayfiyat baxsh etadi. Sharqiroq soyning toshlarga urilib, billurdek tovlanib oqishi ruhiyatga osoyishtalik olib kiradi.

Kislovodsk shahrining markazida joylashgan “Oʻzbekiston” sihatgohi eng qadimiy oromgohlardan biri  boʻlib, 1932 yil tashkil topgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida sanatoriy gospitalga aylantirilgan va yuzlab yaradorlar dardiga darmon boʻlgan muqaddas maskan.  Oʻtgan yili ushbu shifo maskaniga mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari dam olgani joʻnatilgan edi.

Ayni kunda sihatgohda qarilik gashtini surayotgan mehnat faxriylari koʻp. Ular mamlakatimiz hukumatining gʻamxoʻrligini, keksalar ulugʻlanadigan milliy — oilaviy qadriyatlarimizni eslatib turadi.

 “Oʻzbekiston” sanatoriysi 70-80 yillarda qayta qurildi. Barcha qulayliklarga ega lyuks xonalardan iborat 5 va 9 qavatli binolar bunyod etildi.  Ana shundan buyon 40-50 yil oʻtdi. Tabiiyki, taʼmirtalab boʻlib qoldi. Oromgoh Oʻzbekiston  Respublikasi  hukumatining saʼy harakatlari bilan 2012 yildan esa butunlay yangidan “tugʻildi” va zamonaviy  tus oldi, qayta taʼmirlandi. Bunyodkorlik ishlari hamon davom etayapti. Ular mamlakatimizdagi ulugʻvor islohotlarni, keng qamrovli bunyodkorlikni eslatib turadi.

– Oʻn yil avval kelganimdan buyon sanatoriyda katta oʻzgarishlar amalga oshirilibdi. 3-va 2-korpus qayta taʼmirlanibdi.  Bir necha yillardan buyon poydevorigina tiklangan basseyn ishga tushibdi. Mineral suv ichishga 500 metrlik uzoqdagi galeriyaga borilardi. Endilikda  narzan, yessuntuki  mineral suvlari isʼtemoli sanatoriyning oʻzida tashkil etilibdi. Bu keksalar uchun ayni muddao boʻlibdi.  Ayni kunda sihatgoh atrofi yanada obodonlashtirilayapti.-deydi dam oluvchi Ayshaxon Oxunova, – Milliy ruh bilan bezatilgan moviy gumbaz va yam-yashil yoʻlaklar, osmonoʻpar daraxtlar, turli xil archalar ifori  soʻlim oromgohga yanada koʻrkamlik baxshida etgan. Dam oluvchilarning poyqadamida turfa gullarning bellashib, chiroy talashib turishi xush kayfiyat bagʻishlaydi.

Ayni kunda zamonaviy tibbiy oromgohda barcha qulayliklar mavjud. Sizni bu maskanda  televizorli, xolodelnikli va boshqa barcha kulayliklarga ega ozoda va sarishta bir yoki ikki kishilik xonalar kutadi. Derazalar esa shifobaxsh parkka ochiladi va toza havodan nafas olib koʻngil yayraydi. Sanatoriyning orqa eshigidan oʻrmon-parkka chiqib, billurdek tovlanayotgan soy yoqasida joylashgan “Billur sharshara”, “Marvar hovuz” yodgorligiga duch kelasiz.

Soy boʻyidagi tosh maydon va togʻni oʻyib yaratilgan ayvon va bir necha marta soy ustiga qayta qurilgan moʻjazgina koʻprikda  rasmga tushayotgan dam oluvchilarni uchratasiz. Ekskursovodning taʼkidlashicha,  togʻdan oʻyilgan ayvonda chor Rossiyasi davrida mashshoqlar oʻtirib, musiqa chalishgan, zadogonlar tosh maydonda raqsga tushishgan ekan. Hatto, bu yerda Lermontov raqsga tushganligini taʼkidlashgan edi. Bu yerda rus shoiri Lermontov timsolidagi rus ofitserining haykali bor edi. Endilikda u “Quyoshli tepalik”ka koʻchirilibdi. Aytishlaricha, shoir ushbu maskanni juda xush koʻrgan ekan. Endilikda bu yerda sportchilar va dam oluvchilar badantarbiya bilan shugʻullanadigan maydon yaratilgan. 

Bepoyon moviy osmonga intilgan togʻlar bilan boʻylashgan sarvqomat daraxtlar, oy bilan chiroy talashgan gullar bagʻrida  fizkultura ham shifobaxsh-da!

Maskan sogʻlamlashtiruvchi  turli zamonaviy tibbiy  asbob uskunalar bilan jihozlangan. Narzan va boshqa turli xilshifobaxsh minerallar aralashmasidan iborat, vannali muolajalari mavjud. Mana ikki yildir-ki,  turk hammomi va hovuz dam oluvchilar  xizmatida. Basseyndagi turli xil sharsharalar qoʻshimcha muolajalardan biri boʻlib, sogʻlamlashtiruvchi quvvatga ega. Kasaliga qarab jismoniy tarbiya mashqlari bilan  davolavchi tibbiyot xodimining ham faoliyati yoʻlga  qoʻyilgan.

Xullas, bu yerga qadam ranjida qilgan kishi musaffo havosi ila shifobaxsh mineral  suvlari va turli xil muolajalardan bahramand boʻlib huzurlanadi. Xushmuomala vrachlar, oʻrta va kichik tibbiy xodimlar tuni kun xizmatda boʻladi.

Fitobarda kunduzi kislorodli kokteyl va shifobahsh giyohlardan tayyorlangan malhamlardan ichib bahramand boʻlasiz, kechqurun esa turli millat qoʻshiqlaridan eshitib, raqsga tushib kayfiyatingizni koʻtarasiz.

Sanatoriyda mana ikkinchi yilki,  uch hil mineral suvlardan bahramand boʻlish imkoniyati yaratildi.  Bu esa uzoqqa borishga qiynaladigan keksalar uchun yana bir imkoniyat boʻldi.

Ikki yuz kishiga moʻljallangan ikki zalli zamonaviy  oshxona ham dam oluvchilar xizmatida. Bu yerda mazali va foydali taomlar sizni kutadi.

 Kechqurun esa faol dam olishni xush koʻruvchilar uchun klub faoliyat yuritadi. Zamonaviy ovozli apparatlar bilan jihozlangan zalda har kuni film namoyish etiladi. Konsert, bayram tadbirlari, turli mavzuda suhbatlar uyushtiriladi.

Oʻzbekiston sanatoriysi kelinchakdek bezangan oʻrmon-parkka tutash goʻzal maskan boʻlib,”Qizil togʻlar”, “Koʻkimtir togʻlar” kabi balandliklarga chiqib kavkaz ramzi boʻlgan burgutlar yonida  archalar qoʻynida rasmga tushib moʻjizakor tabiatga suqlanasiz, zavqlanasiz. “Xushhavo tepalik” “Quyoshli tepalik” kabi togʻlariga chiqib oppoq qorlari yaraqlab turgan Elburs togʻ tizmalarini tomosha qilasiz. Adrlar ustidan oʻtgan osmon aravachasida Olimpiya shaharchasiga koʻtarilib, maftunkor park -oʻrmon qoʻynidagi qirqdan ortiq sihatgohlarni kaftingizda ushlab turgandek boʻlasiz.

Rus shoiri Mihail Lermontov nega bu maskanlarga mehr qoʻyganini anglab yetganday boʻlasiz. Oʻrmon park bahrida  qadimiy tarixiy tepaliklar koʻpki ularni bir-bir sanab ulgurish amri mahol. Har biriga chiqib chor atrofni kuzatganingizda yangi-yangi moʻzizalarga, goʻzalliklarga duch kelasiz. Beixtiyor Ollohga hamdu-sanolar aytasiz. Bularning bari Ollohning buyukligi ifodalab turadi.

Sihatgohda dam olar ekansiz, xayrlashuv daqiqalari yetib kelganini, vaqt oqar daryodek oʻtib ketganini sezmay qolasiz. Xushmanzaralardan kayfiyatingiz koʻtariladi. Toza havodan toʻyib-toʻyib nafas olasiz. Allomalar azaldan salomatlikning avvali kayfiyatni koʻtarish ekanligini taʼkidlashadi. Piyoda yurish esa qon aylanishini yaxshilaydi, ushbu muolaja esa oʻz navbatida yurakka va miyaga quvvat bagʻishlaydi. Dunyoning benazir tuhfalari  – musaffo havosi ila shifobaxsh mineral  suvlari va turli xil muolajalaridan bahramand boʻlish esa kuchingizga kuch, quvvatingizga quvvat bagʻishlaydi.

 Moʻjizakor tabiatni kuzatganingizda xalqimizning “yurgan daryo” degan matali beixtiyor hayolingizga keladi.  Oʻzbekistonimizda ham ana shunday moʻjizaga boy maskanlar koʻp, ular ham bir kun kelib, inson qoʻli, qalb qoʻri, saʼy — harakati ila obod boʻlishini istab Ollohdan soʻrab qolamiz! Zero keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni, jumladan ekologik turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayaapti!

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.