«Shenchjen tesyuybao» gazetasi tarqatgan xabarga koʻra Xitoy Xalq Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari «iPhone”ning yangi modellarini Gonkongdan Shenchjen shahriga noqonuniy yetkazish bilan shugʻullanib kelgan 26 nafar kishini qoʻlga oldi.
Kontrabanda mahsulotlarining umumiy qiymati 79 million dollarga teng boʻlgan.
Shenchjen bojxonasidan maʼlum qilinishicha kontrabandachilar uchuvchisiz boshqariladigan moslamalar yordamida 15 mingdan ziyod smartfonni Xitoy chegarasidan oʻtkazishga muvaffaq boʻlgan.
1997 yilda Xitoy Xalq Respublikasining maxsus maʼmuriy hududi maqomini olgan Gonkong mamlakatning yuqori darajadagi muxtoriyati hisoblanadi. Ammo, Xitoydan Gonkonga borish uchun viza olish lozim. Smartfonlarning eng yangi va mashhur modellari esa birinchi boʻlib aynan Gonkong bozorlarida sotuvga chiqariladi. Bundan kontrabandachilar foydalanib kelgan.