Oʻzbekistonda birinchi “Turizm qishlogʻi”ni tashkil etishga doir loyihaga start berildi

0
406
marta koʻrilgan.

Toshkent viloyatining Parkent tumani Kumushkon MFY hududida Oʻzbekistonda birinchi “Turizm qishlogʻi”ni tashkil etishga doir loyihaga start berildi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.

Loyihaga koʻra, mazkur hududda 50 ta mehmon uyi, 20 ta xonadon negizida etnoqishloq, 20 ta xonadonni oʻz ichiga oluvchi milliy taomlar qishlogʻi, 15 ta xonadonni qamrab olgan hunarmandlar qishlogʻi, 10 ta xonadon jalb qilingan sanʼatkorlar qishlogʻi va 20 ta xonadonda agroturizm qishlogʻini yaratish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, bu yerda mehmonxona, xalq kutubxonasi, yoshlar ijodiyot markazi, xalq oʻyinlari va sport namoyishlari maydonchasi, oʻtovlar shaharchasi, turizm axborot markazlari, suvenirlar va hunarmandchilik mahsulotlari doʻkoni, zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar, sayyohlar uchun tibbiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, sunʼiy sharsharalar hamda 7 ta mavsumiy dam olish maskanlarini tashkil qilish va boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.

Viloyat hokimi Rustam Xolmatovning soʻzlariga koʻra, olib boriladigan ishlar natijasida viloyatdagi 450 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi, sayyohlar soni yiliga 250 ming (xorijiy sayyohlar 60 ming) nafarga, turizm xizmatlari hajmi esa 50 milliard soʻmga yetkaziladi hamda byudjetga soliq toʻlovlari qoʻshimcha yiliga 3 milliard soʻmdan toʻlanishi taʼminlanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi v.b. Abdulaziz Aqqulov soʻzlariga koʻra, dunyo boʻyicha 30 mingta turizm qishlogʻi bor. Qozogʻistonda 4 ta shunday qishloq bor, Tojikistonda yaqinda 1 turistik qishloq ochildi.

“Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Turizm qishlogʻi” loyihasini amalga oshirishda mehmon uylari faoliyatini toʻgʻri tashkil qilish boʻyicha masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi, zero mehmon uylari qanchalik toʻgʻri tashkil etilsa, qoʻyilgan maqsadlarga shunchalik tez erishiladi. Yevroittifoq bilan bu yoʻnalishdagi qoʻshma loyihamiz mavjud boʻlib, Kumushkon hududida tashkil etiladigan 50 ta mehmon uyi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ularning egalari uchun maxsus treninglar oʻtkazishni tashkillashtiramiz. Ikkinchidan, mahalliy aholi orasidan mazkur hududlarni yaxshi biladigan yoʻlboshlovchilarni tayyorlashimiz kerak boʻladi. Shu bilan birga hududlar boʻylab ekskursiya marshrutlarini tashkil qilishimiz lozim. Bundan tashqari, selfi zonalarni yaratish maqsadga muvofiq boʻladi. Internet tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyadigan boʻlsak, Kumushkonga kelayotgan sayyohlarning oʻzlari uni targʻib qilishadi ”, — deydi Abdulaziz Aqqulov.

Oʻzbekistonda turizm tezkor rivojlanayotgan bir davrda bunday qishloqlarning yaratilishi soʻzsiz soha rivoji uchun xizmat qiladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.