Yangi yil bayrami ayniqsa, bolalarga zavq-shavq bagʻishlaydi. Goʻzalliklar, ajoyibotlar, turfa gʻaroyibotlar olamida yashaydilar. Ularning qalbini ertaknoma kengliklar, samimiylik qurshab oladi. Ana shunday samimiyat olamida yashovchi bolajonlarimizning qiziquvchanligidan foydalanib, paqildoqlar sotib, bayram bahona pul ishlab olishga urinuvchi kimsalar ham yoʻq emas.. Bolalarimiz sogʻligʻi, hayotining xavfsizligiyu bayramning osoyishta oʻtishini oʻylamasdan, oʻz nafsining qurboni boʻluvchi kimsalar hamon topiladi.
Xorazm viloyati Soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi tomonidan viloyat hududida oʻtkazilgan tadbir davomida hanuzgacha pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanayotganlarning borligi aniqlandi. Tadbir davomida 1 million 250 ming soʻmlik pirotexnika vositalari savdosining oldi olindi.
Qonunchilikka binoan pirotexnika vositalari bilan savdo qilish taʼqiqlanishiga qaramasdan fuqaro B.R. pirotexnika vositalari bilan savdo qilayotgani aniqlandi. Sotish uchun moʻljallab qoʻygan 600 dona 250 ming soʻmlik pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.
Shuningdek, 2000 yilda tugʻilgan U.B. ham pirotexnika vositalarini moʻmay daromad evaziga pullash payida boʻlib turgan paytida soliq idoralari xodimlari tomonidan fosh etilib, 1 million soʻmlik pirotexnika vositalari hujjatlashtirildi.
Har yili Yangi yil bayrami oldidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi orasida pirotexnika vositalarini mamlakatimiz hududiga olib kirish, ushbu turdagi mahsulotni ishlab chiqarish, savdosi bilan shugʻullanish kabi holatlar qonun bilan chegaralangani, bunday ishga qoʻl urgan shaxslar javobgarlikka tortilishi xususida tushuntirish ishlari olib boriladi. Afsuski, koʻngilsiz oqibatlarga, ayrim hollarda hatto, inson hayotiga zomin boʻlishgacha boʻlgan salbiy holatlarni keltirib chiqaradigan bunday vositalar bilan bogʻliq noqonuniy xatti-harakatlar kam boʻlsada hali-hanuz uchramoqda. Azizlar yurtimiz tinchligini, xonadonlarimiz osoyishtaligini, bolajonlarimiz sogʻligini oʻylaylik.
Romon Atajonov,
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi.