Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi Ichan qalʼa majmuasiga tashrif buyurib, Amir Toʻra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ichan qalʼada xalqimizning noyob meʼmorlik anʼanalari, qadimiy hunarmandchiligi, sanʼati va madaniyati namunalari saqlanib qolgan. Bu yerdagi 58 ta tarixiy-madaniy meros obyektidan 17 tasida turli muzeylar joylashgan. Qalʼa YUNYeSKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Bu yerdagi tarixiy obidalarni asrab-avaylash maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Amir Toʻra madrasasi qurilishi 1872 yili boshlangan. Bu yerda 54 ta hujra boʻlib, ichki sahni koshin bilan qoplangan. Shuningdek, 2 ta gumbazli xona, qishki va yozgi masjidlar, darsxona boʻlgan. Chor Rossiyasining Xorazmga hujumi tufayli obida peshtoqlarini pardozlash toʻxtab qolgan.
Madrasa Ichan qalʼadagi turistik obyektlardan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari qadimiy obidalarning har bir gʻishti tarixiy ekanini, har bir naqshida maʼno borligini taʼkidladi. Madaniy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazish, buning uchun restavratsiya maktabini rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Shu yerda Xorazm viloyatining ulkan turizm salohiyatidan foydalanish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
2020-2021 yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Masalan, Xiva tumanida “Anor”, “Anjir”, Yangiariq tumanida “Mennonit qishlogʻi” nomli tematik parklar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Oʻtgan yil dekabrda Xorazm lazgisi YUNYeSKOning Nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritildi. Xorijiy davlatlar vakillari ushbu milliy raqsni oʻrganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish moʻljallangan.
Bugungi kunda viloyatda 600 dan ortiq fermer xoʻjaligi baliqchilik bilan shugʻullanadi. Ulardan gastronomik turizm yoʻnalishida foydalanish maqsadida 71 koʻlda xalqaro standartlar darajasida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Loyihalarni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.