Qadimiy dara — “Sarmishsoy” davlat muzeyi qoʻriqxonasi

0
331
marta koʻrilgan.

Navoiy viloyati hududida joylashgan Sarmishsoy yodgorliklarida tosh davri makon va manzilgohlari, qadimgi mozorlar va sugʻorish tarmoqlarining qoldiqlari, ustaxonalar, tegirmonlar, shaxtalar, koʻhna qishloq xarobalari saqlangan boʻlib, ular tosh davridan boshlab to oʻrta asrlarga qadar davrlanadi.

Tarixchi olimlar va arxeologlarning fikricha, qoyatosh suratlari oʻsha davrdagi insonlar hayotining bir qismini aks ettirgan. Suratlarda asosan hayvonot olami tasviri aks etgan skif-sak massagetlarining tasviriy sanʼatida ifodalangan qoplon, pantera, gepard, bezon, yoʻlbars kabi “kuch- qudrat timsoli” hisoblangan jonzotlar olami tasvirlangan. Shuningdek, koʻproq daryo boʻyi va toʻqayzorlarda hayot kechiradigan “mushuksimonlar” oilasiga mansub jonivorlar, ibtidoiy ovchilar uchun qimmatli boʻlgan ov qilish jarayonlari hamda “raqqoslar” guruhiga oid turli uslubdagi bosh kiyimlar kiygan insonlar qiyofasi va turli xil marosimlar mohirona chizilgan.  Bundan tashqari  “camoviy otlar” ifodalangan qoyatosh suratlari har qanday kishini oʻziga rom etmay qoʻymaydi. Bu suratlar qadimda bu yerlarda ot boqishning rivojlangan hududlardan biri deb ehtimol qilishga imkon beradi. 

Neolit davrida Qizilqumda yashagan kaltaminor madaniyatiga taalluqli ovchi va baliqchi urugʻlarining baʼzi birlari Sarmishsoyga kelib joylashgan. Ular bu yerda ov qilish bilan bir qatorda asta-sekin chorvachilikka asos solishgan. Bu haqda bizga Sarmishsoydan topilgan 4000 dan ortiq boʻlgan insonlar rasmi — petrogliflar guvohlik beradi.

Sarmishsoy petrogliflari nafaqat respublika, balki jahon miqyosida bashariyat oʻtmishidan qolgan eng sara gavhar – madaniy yodgorlik sifatida tan olingan. Toshlarga oʻyib chizilgan rasmlarning barchasini bir qarashda ilgʻash mushkulroq. Hatto, bu yerda  tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina koʻrinadigan tasvirlar mavjud. Baʼzi tasvirlar faqatgina yomgʻirli kunda koʻzga tashlanishi bilan hayratingizni oshiradi.

Sarmishsoyning  ohangrabodek tortadigan yana bir jihati – bu uning maftunkor tabiati. Dara, ayniqsa, koʻklam kelishi bilan ajib goʻzallikka burkanadi. Nabotat olamining 62ta oilasiga mansub 650 dan ortiq turdagi oʻsimliklar qadimiy darani  yanada gʻaroyib tabiat moʻjizasiga aylantiradi. Koʻp ming yillik tektonik harakatlar sabab kvars va granit qatlamlari slanets toshlarni siqib qoʻygani natijasida, darada tasma tuzilishidagi togʻburmalanishlari paydo boʻlgan. Buning natijasida yuzaga kelgan jozibador manzara kishi diqqatini tortadi.

Ayni paytda bu qadim dara “Sarmishsoy” davlat muzeyi qoʻriqxonasiga aylantirilgan. Zero, ajdodlar merosini  asrab-avaylab,  kelajak avlodga  etkazish jamiyat oldidagi burchimiz, davr talabidir.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.