Sankt-Peterburgning Kronverk prospekti Primorskiy metro bekati yaqinidagi tarixiy obida bizning Sharqqa xos imoratlarni yodga soladi.
Uning moviy gumbazi va minoralari Neva daryosi sohilidan ham bemalol koʻrinib turadi va u Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining gumbazi bilan deyarli bir xil boʻlib, turfa olam goʻzalliklarini oʻzida ifodalaydi. Bu oʻxshashlik ham bejiz emas, deb yozadi Rustam Jabborov «Darakchi» gazetasida eʼlon qilingan maqolasida.
Maʼlumki, XIX asrning oxirlariga kelib, shaharda musulmonlar soni ancha ortgan boʻlsa-da, u yerda birorta masjid boʻlmagan. Shu bois Sankt-Peterburg musulmonlari masjid qurish uchun mablagʻ toʻplashga kirishadi. Biroq shahardagi ayrim mahalliy amaldorlar bu ishga jiddiy qarshilik koʻrsatishadi. Zarur mablagʻ tezlikda yigʻilavermaydi Toʻplangan pul hatto masjid qurilishi uchun yer sotib olishga ham yetmaydi.
Ana shunday paytda, Peterburg bilan yaqin aloqalar oʻrnatishga urinib kelgan Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon (1859-1910) bundan xabar topadi va oʻz xazinasidan masjid qurilishi uchun yer sotib olishga katta miqdorda mablagʻ ajratadi. Shu tariqa mazkur masjid qurilishi boshlanadi. 1910 yil 3 fevral kuni shaxsan amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi gʻishti qoʻyiladi. Ammo masjid ishga tushirilgan kunni koʻrish amirga nasib etmaydi. U 1910 yilning 26 noyabrida olamdan oʻtadi.
Biroq, masjid qurilishi toʻxtamaydi. 1913 yilning 22 fevralida masjid tantanali ochiladi. Unda otasining oʻrniga taxtga oʻtirgan hukmdor, Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon bilan birga Xiva xoni Asfandiyorxon ham ishtirok etgan. Qizigʻi shundaki, bugungi mamlakatimiz hududidan joy olgan ikki qoʻshni davlat hukmdorlari faqat ana shu voqea munosabati bilan aynan Sankt-Peterburgda uchrashishgan ekan.
Masjid oʻzining bir asrdan koʻproq tarixi davomida koʻplab noxush voqealarni boshdan kechirdi. Sovet davrining dahriyona siyosati hukm surgan yillarda shahar ijroiya hokimiyati qarori bilan masjid yopib qoʻyiladi.
Shahar musulmonlarining qayta-qayta murojaatlaridan soʻng 1974 yilda masjid ularga qaytarib beriladi. Jomeʼ masjidi oʻtgan davr mobaynida bir necha bor taʼmirlanadi. Bugungi kunda bu inshoot Sankt-Peterburgning noyob tarixiy obidalaridan biri sifatida davlat himoyasiga olingan.