Sigirlarga fitnes-treker nega kerak?

0
357
marta koʻrilgan.

Shotlandiyalik Brayn Yuterap ismli fermer smartfoniga   oʻrnatilgan sensorlar orqali oʻz xoʻjaligidagi jonivorlar sogʻligi haqida maʼlumot kelib turadi. Simsiz tizimda ishlovchi  qurilma har bir sigirning boʻyniga osilgan boʻlib, yevropalik agranom va muhandislar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan bu innovatsion tajriba qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga yordam beradi, — deb yozadi Euronews axborot xizmati muxbiri Denis Loktev. 

Treker sigirlar ishtahasi oshgani yoki pasaygani haqida smartfonga xabar yuboradi.  Buni sigirlarning ovqatlanish vaqti oraligʻiga qarab aniqlaydi. Jonivorlar yemish yeganda boʻyin muskullari qimirlaydi va detektor avtomatik tarzda fermer smartfoniga axborot yuboradi.

— Sigirlarning ishtahasi boʻlmasa, demak, bu hayvonning sogʻligi yaxshi emas deganidir. Ushbu gadjetning asosiy vazifasi, jonivorlarda kasallik hali endi boshlanayotgan bosqichdayoq fermerlarni  ogohlantirishdir, — deydi fermer Brayn Yuterap.

Brayn Yuterap, shu bilan birga fermasidagi sigirlarga sogʻish apparatini joylashtirgan boʻlib, qurilma har bir sigirdagi sut miqdori va tarkibini aniqlab beradi. Fermer bunday yangi texnologiyani qoʻllay boshlagandan 6 oy oʻtib, sigirlarining  sut berish darajasi 20 foizga oshgan.

Bunday tajriba bugun  Ispaniyada pomidor, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtiruvchi xususiy fermer xoʻjaliklariga qarashli issiqxonalarda ham qoʻllanilmoqda. Bunday eksperimental issiqxonalar maxsus asboblar bilan jihozlangan boʻlib, tuproqning namligi, oʻsimliklarning rivojlanish tezligi, issiqxona harorati va boshqa koʻrsatkichlar haqida maʼlumot toʻplaydi va fermerga uzatadi.  Bunday asboblar koʻproq va sifatli mahsulot olishga, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga yordam beradi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.