Sirli koinot: Oʻzga sayyoraliklarni izlab…

0
722
marta koʻrilgan.

Mana oʻn yildirki, dunyo astronomlari “oʻzga sayyoraliklar radiosignallari” jumbogʻini yecha olmayapti. Rossiya Fanlar akademiyasining maxsus astrofizika observatoriyasi xodimi Sergey Trushkin RIA Novostiga rossiyalik olimlarning ana shunday sirli radiotovushlar manbalarini aniqlash borasida olib borgan tadqiqotlari haqida soʻzlab berdi. 

Yer sayyorasidan tashqaridagi radiosignallar

Astronomlar 2007 yilda “Parks“ (Avstraliya) teleskopi yordamida radionurlanishlar tarqatib turuvchi kosmik jismlar-pulsarlarni kuzayotib tasodifan radionurlanishning tezkor raido portlashlari (fast radio-burst, FRB)ni kashf qilishgan edi. Soʻnggi yillarda olimlar yana shunday toʻqqizta FRBni qayd etdi. Ular bir-biriga taqqoslanganda FRBlar sunʼiy kelib chiqish ehtimoli borligi va hatto oʻzlarining tuzilishlarida tushunarsiz davriylik tufayli oʻzga olamlar sivilizatsiyalarining signallari boʻlishi mumkin, degan farazni keltirib chiqardi. Chunki barcha signallarni bir narsa — favqulodda ulkan tezlik kuchi va manbadan gʻayrioddiy uzoqlikda joylashgani birlashtirib turardi. Shu boisdan astronomlar bu kabi radiotoʻlqinlar soʻnayotgan yulduzlar yoki boshqa ixcham jismlardan tarqalmoqda, degan xulosaga boradi. 

Ikki yil oldin esa tadqiqotchilar ushbu xulosani inkor etuvchi maʼlumotni qoʻlga kiritdi. “Parks“ teleskopi olti yildan soʻng ilk bor FRB aniqlangan manzilda xuddi oʻshanday radioportlashlarni kuzatdi. Bu “oʻzga sayyoraliklar signallari” jumbogʻini yanada murakkablashtirdi. 

Oʻtgan yilning avgust oyida astronomlar boshqa bir gʻayri oddiy signalga toʻqnash boʻldi. FRB toʻlqinlarini aniqlashga moʻljallangan CHIME radioteleskopi umuman boshqa manzildan tarqalayotgan yangi turdagi toʻlqinlarni qayd etdi. Bu kashfiyot nomaʼlum radiotoʻlqinlar soʻnayotgan yulduzlardan tarqalmoqda, degan farazni yoʻqqa chiqardi. 

Ushbu radioportlashlarning noodatiy tuzilishi, ularning oʻta yangi portlashlarga yoki qora tuynuklarga qoʻshilib ketish va neytron yulduzlarga xosligini tasdiqlamas edi. Ayrim olimlar esa ushbu chayqalishlar aksionlar, qora materiyaning oʻta yengil qismi parchalanishi, shuningdek kosmik “torlar”ning taʼsiri ostida yuzaga kelmoqda degan farazni ham aytishadi. 

Koinotning sirli burchaklarida…

Bir yarim yil oldin “oʻzga sayyoraliklar radiosignallari”ga oid tadqiqot va kuzatuvlarga rossiyalik astronomlar RATAN-600 teleskopi bilan qoʻshildi. Trushkin va uning maslakdoshlari “oʻzga sayyoraliklar radiosignallari”ning ikki asosiy xususiyatiga eʼtibor qaratdi. Bular ularning oʻta yorqin va favqulodda qisqa davomiyligidir. 

Ammo, FRBni aniqlashda RATAN-600 teleskopi “Parks”ga teng kelolmas edi. Uning imkoniyatlari nisbatan kam koinot kengligini qamrab olishga yetib, shu bois olimlar gʻayrioddiy radiosignallarni aniqlash uchun 4,5-4,7 gigagers radio diapazoni tanlab olishga majbur boʻladi. Va bu kutilgan natijalarni bermaydi 

Shundan soʻng olimlar oʻtgan yilning may oyida teleskopni koinotning umuman boshqa burchagiga – Qisqichbaqasimon tumanlikka buradi. Ayni yoʻnalishda olib borilgan kuzatuv natijalari esa “oʻzga sayyoraliklar signallari” siriga biroz oydinlik kiritganday boʻldi. Tumanlikdan tarqalayotgan signallar kuchli ekanligi va boshqa jihatlari bilan FRBlarni eslatardi. Bu kashfiyot rossiyalik astronomlarni koinotda tarqaluvchi gʻayrioddiy radiotoʻlqinlarning manbalari yosh pulsarlar — davriy radionurlanishlar tarqatib turuvchi kosmik jismlar ekaniga ishontirdi. 

Malohat Husanova, OʻzA
 
 
 
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.