Urganch davlat universiteti tomonidan Xorazm viloyati hududida joylashgan “Ulli hovli” majmuasi hamda Oʻzbek-turkman doʻstlik uyiga «Millatimizga xos diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik» mavzusida Media-tur oʻtkazildi.
Ushbu Media-turda Urganch davlat universitetining rahbariyati boshchiligida professor-oʻqituvchilari, talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Media-turga tashrif buyurgan mehmonlarni Oʻzbek-turkman doʻstlik jamiyatining xodimlari kutib olib, tarixiy obida bilan tanishtirishdi. Sayohat davomida ushbu meʼmoriy yodgorlikning tarixi, bunyod etilishi bilan bogʻliq bir-biridan qiziqarli maʼlumotlar berildi.
Ikki davlat oʻrtasida qoʻshnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida qayta barpo etilgan «Ulli hovli» majmuasi tarixiy obidalardan biridir. XVII asrda qurilgan meʼmoriy yodgorlikda qadimiy hovlilar, turkman madaniyatiga oid osori-atiqalar, ularni oʻrab turgan qoʻrgʻon devorlari saqlanib qolgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yigirma oʻrinli mehmonxona qurildi. Turkman xalqining milliy oʻtovlari oʻrnatildi. Sayyohlik va ziyorat turizmi uchun barcha sharoit yaratildi.
Qadimiy devor bilan oʻralgan qalʼa oʻtmishiga sayohat qilib, ikki xalq madaniyati ildizlarini, doʻstona munosabatlarini oʻrganishni istagan har bir kishi uchun “Ulli hovli” majmuasi doim ochiqdir. Bu yerda deyarli har kuni oʻzbek va turkman madaniyatiga oid tadbirlar oʻtkaziladi, qoʻshiq va raqslar, konsertlar jaranglab turadi.
Qalʼada siz tuyalar va otlarni minishingiz, hunarmandchilik ustaxonalari va galereyalarni aylanib tomosha qilishingiz, rasmlarga tushib, moʻjazgina oʻtovlarda ovqatlanishingiz mumkin.
D. BEKCHANOVA, Xorazm viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi