Xivadagi «Toshhovli» saroyini taʼmirlash uchun 150 ming dollarlik AQSH davlat granti berildi

0
225
marta koʻrilgan.

Xivadagi «Ichan-Qalʼa» davlat muzey-qoʻriqxonasi «Toshhovli» saroyini taʼmirlash uchun 150 ming dollarlik AQSH davlat grantini yutdi, deb xabar beradi Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.

Ushbu grant hujjati 12 sentyabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari madaniy meros dasturi boʻyicha menejeri, olim Laura Tedesko va AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili, madaniyat va dasturlar boʻyicha attashe yordamchisi Muxlisa Rasulova tomonidan muzey-qoʻriqxona direktori Shonazar Matyakubovga topshirildi.

Kun davomida «Toshhovli» saroyining taʼmirga muhtoj joylari yana bir bor koʻzdan kechirilib, qilingan ishlar sarhisob qilindi va doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish belgilab olindi.

«Toshhovli» saroyi 1830-1838 yillarda Xiva xoni Olloqulixon tomonidan qurilgan. Saroy baland devor burjlari va darvozalari bilan qoʻrgʻonni eslatadi. Devorlari pishiq gʻishtdan terilgani sababli «Toshhovli» deb  atalgan.

Saroy uchta katta hovli — koʻrinishxona, mehmonxona, haramdan hamda beshta kichik hovli va 163 xonadan iborat. Dastavval haram alohida qurilgan va toʻgʻri toʻrt burchak hovli, 1-2 qavatli ayvon xonalardan iborat boʻlgan, atrofi burjli qalin devor bilan oʻrab olingan. Eshik va ustunlar Xiva yogʻoch oʻymakorlik sanʼatining yuksak namunalaridan sanaladi. Marmar ustun toshlardagi, temir panjaralardagi oʻyma naqshlarda Xiva ustalarining eng mukammal sanʼati oʻz ifodasini topgan. Ayni paytda «Toshhovli»da «Hunarmandchilik muzeyi» faoliyat koʻrsatmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.