Xorazm lazgisining  balet yoʻnalishidagi  namoyishi tayyorlanmoqda

0
197
marta koʻrilgan.

YUNYeSKO bosh qarorgohi “Xorazm lazgi raqsi”ni sanʼatning balet yoʻnalishida sahnalashtirishni oʻz shafeligi ostida oʻtkazish huquqini berdi!

YUNYeSKO ning nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi 2019-yil 12-dekabrda “Xorazm lazgi raqsi”ni insoniyatning nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritgan edi.

Darhaqiqat,  ijtimoiy tarmoqlarga eʼtibor bersangiz, jahon ahli sanʼatsevarlarining ushbu raqsga qiziqishi ortib borayotganini kuzatish mumkin. Bunday paytlarda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan  artist Gavhar Raximovaning(oxirati obod boʻlsin) taʼrifu tavsifini  qayta-qayta eslayveraman: “Lazgi raqsini jimgina kuzatish mumkin emas, u “yuqumli” boʻlib insonning kayfiyatini koʻtarib, ruhiyatini yuksakliklarga olib chiqadi».

Xorazmliklarning ushbu raqs haqida yana bir taʼrifi mavjud, Yer yuzining  birinchi insonlari ODAM Ato  va MOMO Havoga jon bagʻishlanayotganida ushbu kuy taralgan ekan… Yana buni yolgʻiz Alloh biladi… Shaxsan men bu raqsning kuyini koʻzimni yumib tinglashni xush koʻraman. Xayolimda nafis va nafosatli navqiron yoshlik goʻzalligi ufurib turgan Momo Havo gavdalanadi, Raqs avdjiga chiqqanida farzandlari Qobil bilan Hobil dardida kuygan onaning  azoblarini  xayolimda taassavur qilaman… Balki,  bu 13 asrda yozilgan  «Kisasi Rabgʻuziy» asarini zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirganimizning taassurotlaridir… Zero,  bu olamda YER, HAVO, SUV va OLOV uygʻundir! YER ODAM ATO avlodlarini eslatadi. «Kisasi Rabgʻuziy» kitobida taʼkidlanganidek, Odam ota avlodlarining  bir qismi ota-ona vujudida, bir qismi yer ostida, bir qismi yer ustida. Havo, biz uni koʻrmaymiz, biroq, onalarimizdek xokisor mehrini his qilamiz. Suv olamni yashillikka burkaydi, odamni pokizalaydi, Olovning qahriyam bor, mehriyam bor.

Ushbu raqsga bagʻishlangan balet spektaklining xoreografi Berlin milliy opera balet maktabining bitiruvchisi Raul Raymondo Rebek hisoblanadi.

Balet spektakli A.Navoiy nomidagi DAKT ning doimiy repertuariga ham kiritiladi.  Ushbu teatrda 4 sentabr kuni  lazgi spektaklining dastlabki namoyishi boʻlib oʻtadi.

Xorazm milliy raqsining  balet yoʻnalishidagi  namoyishi  Oʻzbekistonning raqs anʼanalarini xalqaro madaniy maydonda keng targʻib qilishga, qadriyatlarimizni yuksaltirishga xizmat qiladi, deya umid qilamiz.  Qolaversa, oʻzbek turizmini xalqaro maydonda rivojlantirishga ham munosib hissa qoʻshadi, deya ishonamiz. 

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.